AQSHdagi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti rahbari Frederik Starr mamlakati tashqi siyosati C5+1 sammitidan keyingi ikki yil ichida qanday o‘zgargani va bugun Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan ko‘zlangan natijalar xususidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Mutaxassis e’tirof etishicha, C5+ formati uzoq tarixga ega: Yaponiya 20 yildan ko‘proq vaqt oldin Markaziy Osiyo davlatlari bilan alohida uchrashuvlarni yo‘lga qo‘ygan ilk davlat hisoblanadi. Keyinchalik Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy shunga o‘xshash muloqot maydonini yaratdi. Qo‘shma Shtatlar bu amaliyotga ancha kech qo‘shilgan. Shunga qaramay, so‘nggi ikki yil ichida ancha jadallashgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH ishtirokidagi C5+1 formati barcha tomonlar manfaatiga xizmat qilishi, hech kimga qarshi qaratilmagani ta’kidlandi va tan olindi.

– Ahamiyatlisi, bu mamlakatlar orasida hech qanday o‘zaro kelishmovchilik yo‘q, – deydi Frederik Starr. – Aksincha, umumiy manfaatga xizmat qiladigan bunday platformalarni yaratish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi yakdil ma’qullanmoqda. So‘nggi ikki yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy salohiyati qayta baholandi. Amerika tadbirkorlari va investorlarining hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish tufayli mintaqamizga nisbatan sezilarli darajada kuchaygan yangicha qiziqishi juda muhim va AQSH ma’muriyati bu borada biznes hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlashga sodiq. Biz amerikalik sarmoyadorlar e’tiborining mutlaqo ijobiy darajasini ko‘ryapmiz. Neft va gaz sohasi haqida ko‘p gapirilyapti, mintaqaning salohiyati, jumladan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishida ham ancha keng. Shuning uchun men C5+1 formatini chin dildan olqishlayman.
Taniqli tahlilchi kelajakda mazkur tuzilma Ozarbayjonni ham o‘z ichiga olgan holda C6+1 formatiga kengayishini ko‘rish istagini ta’kidladi. Qolaversa, AQSH – Markaziy Osiyo aloqalari nafaqat ikki tomonlama darajada, balki mintaqaviy miqyosda ham rivojlanishi muhim.
Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish imkoniyati haqida gapirarkan, Starr tez orada ijobiy qaror qabul qilinishiga ishonch bildirdi:
– Men Amerika Prezidenti “Bunga chek qo‘yish vaqti keldi, biz Kongressdan shu masala hal qilinishini so‘raymiz” deb aytishini kutaman.
Ekspert madaniyatdan tortib, davlat boshqaruvigacha – barcha sohalarda o‘zaro bog‘liqlik muhimligiga ham e’tibor qaratdi.
– Biznes, madaniyat, sport va ta’lim sohalari hisobiga kengaygan sheriklikni qo‘llab-quvvatlash zarur, – qo‘shimcha qildi tahlilchi. – AQSH Markaziy Osiyo davlatlarini yanada samarali harakat qilish uchun o‘z kuchlarni birlashtirishga undashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Savdo Qonuniga 1974 yil kiritilgan tuzatish – Jekson-Venik tartibi orqali emigratsiyaga to‘sqinlik qiladigan, inson huquqi buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yadigan ayrim mamlakatlar bilan savdo cheklangan. Mazkur hujjat loyihasi bo‘yicha taklifni Kongress a’zolari Genri Jekson va Charlz Venik kiritgan. Ayni tuzatish muayyan mamlakatlarga alohida qulaylik yaratadigan savdo rejimi, davlat krediti va boshqa kafolatlar berilishini taqiqlaydi. Shuningdek, bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan mamlakatlar Qo‘shma Shtatlarga eksport qiladigan tovarlarga kamsituvchi tarif va boj qo‘llashni ham nazarda tutadi.
Rasman sobiq sovet ittifoqidan emigratsiyaga cheklov qo‘yish maqsadida joriy etilgan ushbu qoida, afsuski, Xitoy, Vetnam, Albaniya kabi boshqa mamlakatlarga ham tegishli. 1989 yil emigratsiya cheklovi bekor qilinsa-da, tuzatish kuchida qoldi. Faqat taqiqni MDH mamlakatlariga qo‘llash bo‘yicha har yili moratoriy joriy etib kelindi. Tuzatish 2006 yil Ukraina, 2012 yil Rossiya va Moldova uchun bekor qilingan. Hozir mazkur tartib rasman Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston kabi qator mamlakatlarga nisbatan amalda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA