“Euronews” nashri Britaniya harbiy arxivida unutilgan 200 yillik sevgi maktublari Kembrij universiteti xodimi tufayli, nihoyat, oshkor bo‘lgani haqida yozdi.
Bu xatlar egalariga yetib bormagan, shu kungacha qutida saqlangan. XVIII asrda Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida kechgan yetti yillik urush payti fransuz dengizchilariga yozilgan nomalar ham samimiy, ham tarixiy dalillarni taqdim etdi. Dastlab hech qanday harbiy ahamiyatga ega bo‘lmagan hujjat hisoblangan bu 104 ta xat oxir-oqibat Britaniya Milliy arxiviga topshirildi va ular Kembrij universiteti tarix professori Reno More e’tiborini tortmaguncha, qutida unutilgan holda yotdi.
“Tarixiy ijtimoiy fanlar” akademik jurnalida chop etilgan bu topilma ko‘plab insonlar qalbini titratib yubordi.
– Shunchaki qiziquvchanlik ortidan qutini ochishga jazm etdim va ta’sirli dil nomalarini birinchi bo‘lib o‘qiyotganimni angladim, – dedi professor. –XVIII asr ayollarining sevgi izhori – urush yillarida yolg‘izlik, hijron, ro‘zg‘or tashvishi, farzand tarbiyasida otaning o‘rnini sezdirmayotgan irodali onalar, vafodor kelinlar turmushidan guvohlik beradigan tarixiy hujjat edi, go‘yo.
Reno More “Galateya” kemasining 181 a’zosini aniqladi: ularning to‘rtdan biri ushbu maktublarni olishi kerak edi.
Dengizchilar va maktub mualliflari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar ayrim ma’lumotlarni aniqlash imkonini berdi.
Fransuz dengizchilarining uchdan bir qismi 1758 yil inglizlarga asir tushgan. Buyuk Britaniya va Prussiya ittifoqi g‘alaba qozongan urush davrida inglizlar tomonidan 65 000 kishi hibsga olingan. Ularning aksariyati kasallik tufayli yoki va to‘yib ovqatlanmaslikdan vafot etgan, ayrimlarigina ozod qilingan.
O‘sha davrda ularning oilalari bilan bog‘lanishi uchun yagona yo‘l xat yozish edi.
Bu maktublar umumbashariy tajriba haqida, faqat Fransiya yoki XVIII asrga xos emas, - deya qo‘shimcha qiladi tarixchi. – Maktublar mashaqqatli hayotga dosh berish imkonidan so‘zlaydi. O‘zaro ishonch, g‘amxo‘rlik, his-tuyg‘u izhori inson uchun asosiy tayanch ekaniga ishora qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA