Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Fransuz tili” darsligi Fransiyaning yetakchi nashriyotlarida nashr etiladi
17:43 / 2022-02-01

Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish maqsadida xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan chet tillari fanlari darsliklarini olib kelish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida joriy qilishga qaratilgan tizimli islohotlar davom etmoqda. Dastlab Kembrij nashriyotining Ingliz tili va Informatika darsliklari mahalliylashtirilgan bo‘lsa, endilikda Fransiyaning yetakchi nashriyotlari darsliklari mamlakatimizga olib kelinib o‘rganish ishlari boshlab yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yil 19 yanvardagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida chet tillari fanlaridan xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan darsliklarni olib kelish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida joriy qilish rejalashtirilgan. 



Ayni damda markaz tomonidan respublikadagi fransuz tili o‘qitiladigan maktablar uchun Fransiyaning yetakchi nashriyotlari tomonidan ishlab chiqarilgan darsliklarni olib kelish va maktablarda joriy qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.  

Xususan, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining ta’lim bo‘yicha attashesi, janob Serj Bellini yordami bilan Fransiyaning «Hachette Education», «Didiyer» hamda «CLE International» nashriyotlarining o‘quv-metodik majmualaridan namunalar olib kelindi. Markaz qoshida fransuz tili metodistlari, mutaxassislari hamda o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, mazkur darsliklar o‘rganilmoqda.  
Shu munosabat bilan, 2022 yil 1 fevral kuni Respublika ta’lim markazida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining ta’lim bo‘yicha attashesi, janob Serj Bellini hamda «Hachette Education» nashriyotining tijoriy direktori, janob Robert Menand bilan uchrashuv o‘tkazildi.  

Uchrashuv davomida mazkur nashriyotning «Les Loustics» (1-4-sinflar uchun), «Sésame» (1-6-sinflar uchun) hamda «Adomania» yoki «Explore» (7-11-sinflar uchun) darslik majmualarini O‘zbekistonga olib kelish, mahalliylashtirish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida joriy qilish istiqbollari va imkoniyatlari haqida fikr almashildi.  

Nashriyot vakili tomonidan fransuz tilini o‘rgatish bo‘yicha samarali qo‘llanmalar sifatida tanilgan mazkur darsliklarni O‘zbekiston maktablari uchun tayyor holda ishlab chiqarish (mahalliy mutaxassislar tomonidan mahalliylashtirish uchun berilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda), arzon narx va sifatli ko‘rinishda yetkazib berish taklif qilindi.  

Shuningdek, Robert Menand 130 dan ortiq mamlakatlarda foydalanilayotgan ushbu darsliklarni O‘zbekistondagi maktablarga ham olib kirish fransuz tilini o‘qitishni samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishini ta’kidlab, agarda mazkur darsliklar to‘plami tanlanadigan taqdirda O‘zbekistondagi fransuz tili fani o‘qituvchilarning malakasini oshirish va uzluksiz metodik yordam ko‘rsatib borishni ham o‘z zimmasiga olishini aytib o‘tdi. 

Fransuz tili fani bo‘yicha xalqaro darsliklarni tanlash jarayoni davom etadi. Keyingi hafta xuddi shunday uchrashuv «Didiyer» nashriyoti vakillari bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 
 

F.Yahyoyev, O‘zA