Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreyaning koinot sohasidagi hamkorligi hamda AQSH yangi Raketaga qarshi mudofaa tizimi (“Oltin gumbaz”)ni e’lon qilishi asnosida Fransiya ham fazodagi ehtimoliy harbiy mojaroga tayyorgarlik ko‘ra boshladi, dedi mamlakat Harbiy-havo kuchlari Fazoviy qo‘shin qo‘mondoni general Filip Adam.
Uning aytishicha, Fransiya yaqinda AQSH bilan ikkita sun’iy yo‘ldoshni birlashtirgan holda mashg‘ulot o‘tkazgan.
- Bu ikki ittifoqchi harbiy sun’iy yo‘ldosh o‘rtasidagi ilk mashg‘ulot bo‘ldi, dedi qo‘mondon. - Biz mashqqa tayyorgarlik ko‘rish, vazifani bajarish va birgalikda erishiladigan samara nuqtai nazaridan harakatlarimiz mos kelishini tekshirdik. Asosiy qiyinchilik zarur jihozlarni tezroq qo‘lga kiritishda. Yana bir ustuvor vazifa – koinotdagi jangni yerdan boshqaradigan xodimlarimiz (operatorlar) tayyorgarligini ta’minlash. Bu xuddi dronlar yordamida bo‘lgani kabi masofaviy jangdir. Amaliyotda kuchli ta’sir ko‘rsatish va samoda ustunlikni saqlab qolish uchun ayni ko‘nikmani o‘zlashtirish juda muhim.
Adam Fransiya ko‘p sonli sun’iy yo‘ldoshga ega bo‘lishi zarurligini ham alohida ta’kidlagan.
S.Rahimov, O‘zA