Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fransiyaning “Suez” kompaniyasi bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi
13:07 / 2021-02-22

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “SUEZ” kompaniyasi (Fransiya) katta ijrochi vitse-prezidenti Erik Gebali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Bris Rokfyoy ham ishtirok etdi. Uchrashuvda Toshkent va Samarqand shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklov, yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, ushbu loyihalar bo‘yicha birgalikda faol va samarador ish olib borilishi salmoqli natijaga erishish imkonini berganini qayd etdi.


Muloqot chog‘ida kompaniya rahbariyati Fransiya hukumati Toshkent shahri suv ta’minoti tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 145 million yevro miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qullaganini ma’lum qildi. Shuningdek, uchrashuvda zarur hujjatlarni tayyorlash va loyihani hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish masalasi hamda navbatdagi tadbirlar kun tartibi muhokama qilindi.


Muloqot chog‘ida E.Gebali O‘zbekistonda bir qator ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish bo‘yicha mavjud rejalari haqida so‘z yuritdi. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi umumta’lim maktablarini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasini ro‘yobga chiqarish kompaniya tomonidan grant asosida ajratiladigan mablag‘ hisobidan amalga oshiriladi.


Shuningdek, Fransiya tomoni shahar va qishloq joylaridagi aholi manzillari ichimlik suvi ta’minoti tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturini hayotga tatbiq etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Mazkur yordam aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasini zudlik bilan hal qilishga qaratilgan samarali innovatsion texnologiyalarni joriy etishdan iborat texnik missiyalarni O‘zbekistonga yuborishni ko‘zda tutadi.


Uchrashuv yakunida Fransiya kompaniyasi rahbariyati O‘zbekistonda loyihalar amalga oshirish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishda samarali ko‘mak berishga hamda belgilangan yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyorligini ta’kidladi.
 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
matbuot xizmati