Ko‘hna va boqiy Buxoroning Ark qo‘rg‘onida Buxoro davlat pedagogika institutining “Sharq gavhari” ansambli, Fransiyaning mashhur “Buyuk ipak yo‘li” ansambli va “Panjrud” ansambli (Fransiya, Eron, Armaniston) hamkorligida xalqaro miqyosdagi yirik konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov hamda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ualid Fuk ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Buxoroda ilk bor o‘tkazilayotgan Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi doirasida tashkil etildi.
[gallery-25602]
Ushbu xalqaro hamkorlik san’at orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniyatlararo almashinuvni rivojlantirish va Buxoroning jahon madaniy hayotidagi o‘rnini yanada yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.
– Ilk bor o‘tkazilayotgan bunday hamkorlikdagi konsert dasturida institutimizning yoshlari katta tayyorgarlik ko‘rdi. Konsertda institutimizning “Sharq gavhari” ansambli bor mahoratini ko‘rsatib, barchaning ko‘nglidan joy oldi. Yoshlarimizning rejalari katta. Kelgusida xalqaro tadbirlarda ishtirok etib, o‘zlarining talantlarini dunyo sahnalarida ko‘rsatishni, O‘zbekiston, Buxoroning qadimiy qadriyatlariga asoslangan holda kuy va qo‘shiqlarni ijro etish uchun bel bog‘lashgan, – deydi institut rektori, professor Bahodir Ma’murov.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/KkL608GaOrI?si=Pq_EmEdbzbRXoEKC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.