Xabaringiz bor, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan olish to‘g‘risidagi qarori xalqaro maydonda turli muhokamalar va bahslarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, bunday to‘xtamga kelgan Makron Isroil va AQSHning g‘azabiga uchradi.
Xo‘sh, bu qadam Fransiyaning Yaqin Sharqdagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan geosiyosiy harakatmi, yoki Makronning siyosiy jasoratini namoyon etuvchi diplomatik bayonotmi?
Darhaqiqat, Fransiya YeIning yadroviy qudratga ega vakili va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Falastinni tan olishi muhim qadam deyish, mumkin. Bilamizki, Fransiya Yevropadagi eng ko‘p yahudiy va musulmon aholisiga ega davlat hisoblanadi. Shu bois, Falastin-Isroil mojarosidagi har qanday qaror o‘lkada ichki ijtimoiy barqarorlikka ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, Fransiya o‘zini boshqa davlatlar oldida yetakchi va muvozanatli hukumat sifatida ko‘rsatishni istaydi. Ko‘plab xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, Fransiyaning bu qadami Isroilga nisbatan jiddiy siyosiy bosim vositasi bo‘lishi mumkin. Chunki bu qaror G‘azoda harbiy harakatlar davom etayotgan va kuchli gumanitar inqiroz yuzaga kelgan vaqtda qabul qilinishi bilan ahamiyatlidir.
Bryusseldagi Yevropa Yaqin Sharq loyihasi rahbarining ta’kidlashicha, fransuzlarning ushbu qadami Isroilning Falastin davlatini yo‘qqa chiqarish urinishlariga qarshi siyosiy harakatdir. Bu qaror Xalqaro jinoyat sudida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy jarayonlarda ham dalil sifatida xizmat qilishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Makronning tan olish qarorini ba’zilar real siyosiy o‘zgarishga emas, balki ramziy harakatga tenglashtirmoqda. E’tiborlisi, Fransiyadan tashqari, Yevropaning boshqa davlatlari ham ushbu masalada o‘z pozitsiyasini shakllantirmoqda. Masalan, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani: “Biz endi qirg‘in va ocharchilikka toqat qila olmaymiz”, deya ochiq bayonot berdi. Biroq bu masalada Yevropada yakdillik yo‘q. Masalan, Germaniya haligacha Falastinni tan olishni orqaga surib keladi. Xolokost tarixi tufayli Germaniyaning Isroilga bo‘lgan ayni damdagi tashqi siyosati shakllangan deyish mumkin. Ayrim ekspertlar Makronning bu harakatini tashqi siyosatdagi faoliyat orqali ichki siyosiy tanqidlarga qarshi kurashish, deb baholamoqda.
Fransiyada ichki iqtisodiy muammolar — byudjet taqchilligi, pensiya islohotlari va ijtimoiy noroziliklar bor paytda, go‘yoki Makron tashqi siyosat orqali xalqaro sahnada o‘z nufuzini saqlashga intilmoqda. Ayrimlar bu holat Fransiya tashqi siyosati uchun muhim bo‘lishi mumkin, lekin falastinliklar uchun emas, deyishmoqda.
Shu bilan birga, Makronning tashabbusi Yevropada Falastin bo‘yicha umumiy siyosatning shakllanishiga turtki berishi, Isroilga nisbatan yangi bosim mexanizmlarini yuzaga keltirishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3wdlt95DgP0" title="Fransiyaning Falastinni tan olishi nimani anglatadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA