Milliy gvardiya tizimidagi kavaleriya bo‘linmalari harbiy sohadagi mas’uliyatli va o‘ziga xos yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu bo‘linmalarda xizmat qilayotgan mutaxassislar nafaqat yuqori jismoniy tayyorgarlik, balki xizmat otlari bilan ishlashda chuqur bilim va malakaga ega bo‘lishlari lozim. Bu borada professionallikka erishishda o‘tkazib kelinayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari muhim ahamiyatga ega.
Shu kunlarda Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan kavaleriya bo‘linmalari mutaxassislari uchun ot sporti sohasida xalqaro tajribaga ega, nufuzli musobaqalarda katta yutuqlarga erishgan fransiyalik Oliver Billaund ishtirokida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.

Malakali mutaxassisning Milliy gvardiya kavaleriya bo‘linmalari mashg‘ulotlariga jalb etilishi orqali harbiy xizmatchilar zamonaviy yondashuvlar, otlar bilan ishlashdagi ilg‘or texnika va metodikalarni chuqur o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu, kelgusida xizmat samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutishi shubhasiz.

Milliy gvardiya Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati hamda Toshkent shahar Chavandozlar maktablari va Milliy gvardiya Kavaleriya eskadronining mutaxassislari mashg‘ulotlar davomida otda yurish texnikasi, jangovar holatlarda tezkorlik bilan harakatlanish, otlarning harbiy xizmatga tayyorgarligi, ularni parvarishlash, veterinariya nazorati, otlarni taqalash, ratsion asosida ovqatlantirish, sharoitga mos holda jismoniy yuklama berish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini oshirmoqda.
Mashg‘ulotlar jarayonida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, otlar bilan ishlash ko‘nikmasini yanada oshirish, tezkorlik, jamoaviy harakatni ta’minlash borasidagi ko‘nikmalari ko‘rikdan o‘tkazildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA