Fransiyalik dzyudo mutaxassislari O‘zbekistonda
Dzyudo Yaponiyada vujudga kelgan, ommalashgan bo‘lsa-da, ushbu sport turi bo‘yicha klublar soni bo‘yicha Fransiya yetakchi mamlakatlardan biri sanaladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida 28 million nafarga yaqin insonlar dzyudo bilan shug‘ullansa, ularning 530 ming nafari Fransiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kuni kecha yurtimizga kelgan Fransiyadagi “Judo Club Cellois” klubi vakillari Aureliyen Couston va Manon Txiyessartning O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillari bilan muloqoti davomida olimpiya sport turi bo‘lgan dzyudoning ommaviyligi xususida so‘z bordi.
Mehmonlar O‘zbekiston dzyudo klublarining faoliyati, metodikasi va tajribasiga katta qiziqish bildirishdi.
Fransiyada ayni paytda 5 ming 700 taga yaqin dzyudo klublari faoliyat ko‘rsatayotganini aytgan mehmonlar hamkorlik istiqbollari borasida tavsiyalarni o‘rtaga tashlashdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA