Fransiyaning milliy pochta operatori - “La Poste” va uning banklar bo‘yicha tarmog‘i “La Banque Postale” Rojdestvo bayrami arafasida yuz bergan kiberhujum sabab vaqtincha ishlamay qoldi, deb yozmoqda “Euronews” nashri.
Rasmiylarga ko‘ra, “DdoC” turidagi hujum onlayn xizmatlarni butunlay ishdan chiqargan, biroq mijozlar ma’lumotlari xavfsiz qolgan.
Xakerlar raqamli hujjatlar saqlanadigan “Digiposte” xizmati hamda bank ilovasini buzib kirishgan. Natijada to‘lovlarni tasdiqlash va ayrim moliyaviy operatsiyalar kechiktirildi. Bank vaqtinchalik choralar sifatida SMS orqali tasdiqlash tizimiga o‘tdi.
So‘nggi haftalarda Fransiyada bir nechta yirik kiber hodisalar kuzatilmoqda. Avvalroq Ichki ishlar vazirligiga qilingan “hujum”da ayrim maxfiy hujjatlar o‘g‘irlangani aytilgan. Shuningdek, xalqaro yo‘nalishdagi paromda masofadan boshqarish imkonini beruvchi zararli dastur aniqlanib, tergov boshlangani ma’lum qilindi.
Rasmiylar bu holatlarni jiddiy baholab, Yevropa davlatlariga qarshi olib borilayotgan “gibrid tahdidlar” fonida xavfsizlikni qaytadan ko‘rib chiqmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA