Fransiyada uchta yirik kasaba uyushmasi – “CGT”, “FSU” va “Solidaires” hukumatning tejamkorlik siyosati, maoshlarning oshirilmasligi va jamoat xizmatlaridagi qisqartirishlarga qarshi butun mamlakat bo‘ylab ish tashlash o‘tkazdi.
“Euronews” nashrining yozishicha, bu safargi norozilik joriy yil sentyabr–oktyabr oylaridagi yirik namoyishlarga nisbatan ancha sust bo‘lgan.
Uyushmalar 2026 yilgi Ijtimoiy xavfsizlik byudjeti muhokamasi fonida o‘lkada faoliyat yurituvchi barcha xizmatchilarni ish tashlashga chaqirgan. Mahalliy aholining fikricha, yangi byudjet loyihasi ishchilar, pensiya yoshidagilar va davlat sektoriga “jiddiy zarar” yetkazadi.
Ular hukumatdan maoshlarni oshirish, soliq va ijtimoiy adolatni kuchaytirish hamda sog‘liqni saqlash kabi jamoat xizmatlariga ko‘proq mablag‘ ajratishni talab qilmoqda.

“CGT” vakillari davlat boy qatlam manfaatlarini himoya qilayotgani, xarajatlar esa oddiy fuqarolarga tushayotganini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, ish tashlashning amaliy ta’siri past bo‘lgan: temir yo‘l qatnovi deyarli odatiy rejimda harakatlanmoqda, maktablardan esa atigi 5 foiz o‘qituvchi namoyishlarda qatnashgan.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi hisobotiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab 31 mingdan ortiq kishi qarshilik harakatida qatnashgan. Birgina Parijning o‘zida 17 ming kishi mitinglarda ishtirok etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA