Fransiyada portlovchi modda solingan jo‘natmalar tarqatilishi xavfi kuchaymoqda
Fransiyada xat jildlari ichiga xavfli moddalar solingan jo‘natmalar tarqatish xavfi paydo bo‘lmoqda, deb ogohlantirdi hukumat huzuridagi mudofaa va milliy xavfsizlik bosh kotibiyati. Bu haqda Le Figaro gazetasiga tayanib TASS agentligi xabar tarqatmoqda.
Xavotirga Ispaniya hukumatida, Madriddagi Ukraina elchixonasida va mamlakatning boshqa tashkilotlarida, shuningdek, Yevroittifoqning boshqa mamlakatlaridagi Ukraina diplomatik vakolatxonalarida ichiga portlovchi modda va boshqa xavfli narsalar solingan jo‘natmalar qabul qilingan holatlar sabab bo‘lmoqda.
Fransiyada “xavfli” jo‘natmani Ukrainaning Parijdagi elchixonasi ham olgan, deb yozmoqda Le Figaro. Xatjild ichida aynan nima solingani oshkor etilmayapti. Hukumat kotibiyatidagilar bunday maktublar Fransiya ma’muriy idoralari va kompaniyalarga ham kela boshlashi mumkin, demoqda. Favqulodda vaziyatlarga tushib qolmaslik uchun shubhali jo‘natmalarni rentgenda tekshirib ko‘rish tavsiya qilinmoqda.