Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘lib turibdi.
Senat raisi T.Norboyeva Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bosh direktori o‘rinbosari B.Valkenar bilan muzokara o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur Agentlik O‘zbekistonning muhim hamkori bo‘lib, mamlakatimiz bilan 12 yildan beri hamkorlik qiladi. Agentlik iqlim o‘zgarishi, gidroenergetika, suv ta’minoti hamda sanitariya, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va chorvachilik kabi sohalarga investitsiya kiritgan.
B.Valkenar ikki tomonlama hamkorlik, xususan, FTA orqali hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etdi. Hamkorlik poydevori O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida 2025 yilgacha yangi hamkorlik dasturini imzolash orqali qo‘yilgan.
“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi FTA tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan Agentlik missiyasi bilan hamohangdir”, dedi B. Valkenar.
Muloqot chog‘ida Agentlik rahbari zarur loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda bundan buyon ham faol ishtirok etish niyatida ekani ta’kidlandi. Jumladan, u qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, gender tenglikni ta’minlash va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Qoraqalpog‘istonda energiya va suvni tejash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ekologik innovatsion loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun FTA moliyaviy resurslarini jalb qilish masalasini o‘rganish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
***
O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya poytaxti Parij shahrida ham bo‘ldi. Senat raisi Tanzila Norboyeva Fransiya Senati raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
J.Larshe hozirda yurtimizda kechayotgan tub yangilanishlar jarayonini mamnuniyat bilan tilga olib, keyingi yillarda O‘zbekistonning chinakam bozor iqtisodiyotiga o‘tishi va jahonga ochilish yo‘lida amalga oshirgan ishlari salmoqli ekanligini e’tirof etdi.
Fransiyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi nihoyatda katta ekanligiga urg‘u berib, J.Larshe “O‘zbekiston mintaqada eng aholisi ko‘p bo‘lgan kuchli davlat – Markaziy Osiyoning urib turgan yuragidir. Ayniqsa, jahonda bugungi kunda kuzatilayotgan mavhumlik va notinchlik sharoitida davlatingizni mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik markazi deb bilamiz”, deya ta’kidladi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston parlamenti palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, Fransiya Senatida ham “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
T.Norboyeva hamkorlik guruhlari salohiyatidan yanada samarali foydalanish muhimligini, jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning tayanch nuqtalari -qonun ijodkorligi, kuchli parlament nazorati va hududiy vakillik tamoyillariga qurilishi zarurligini alohida ta’kidladi. Shu o‘rinda ikkala parlamentning turdosh masalalarga mas’ul qo‘mitalari o‘rtasida ham mustahkam aloqalar o‘rnatilishi mazkur muloqot mexanizmining amaliy samarasini ta’minlashiga urg‘u berdi.
Tomonlar ikki palatali parlament demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy sharti ekanligini birdek e’tirof etib, davlatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda yuqori palatalarning vakillik demokratiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuvda Fransiya va O‘zbekiston mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, BRMga erishish sohasida qo‘shma choralarni amalga oshirish, shuningdek, yashil iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni ta’minlash sohalarida ham konstruktiv xamkorlik qilishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA