Ispaniyaning Linares shahrida shaxmat bo‘yicha ayollar jamoalari o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionati qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Bugun, 20 noyabr kuni 12 ta jamoa ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionatining guruh bosqichida so‘nggi 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Chempionatning “B” guruhida vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilovadan iborat terma jamoamiz bugun Hindiston jamoasi bilan kuch sinashadi.

Kecha o‘tkazilgan 3-turda shaxmatchi qizlarimiz Fransiya jamoasini 3:1 hisobida, 4-turda Ukraina shaxmatchilarini ham xuddi shu hisobda mag‘lub etdi va turnir jadvalidagi mavqeini mustahkamlab oldi.

Eslatib o‘tamiz, har bir guruhda eng kuchli to‘rtlikni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

Jahon chempionatining chorak final bahslari 21 noyabr, yarim final 22 noyabr va final o‘yinlari 23 noyabr kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA