Germaniya mezbonligida o‘tayotgan Yevropa chempionatining guruh bosqichi ikkinchi tur uchrashuvlari davom etmoqda.
Musobaqaning «E» guruhidan o‘rin olgan Slovakiya — Ukraina uchrashuvida 1:2 hisobi qayd etildi. Mazkur g‘alabadan so‘ng Ukraina terma jamoasi o‘z guruhida 3 ochko bilan ikkinchi pog‘onaga chiqib oldi. Slovakiya esa o‘zaro o‘yinlar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘rinni egalladi. Ushbu terma hisobida ham 3 ochko bor.

Bugun, 22 iyun kuni guruh peshqadami Ruminiya ilk turda mag‘lubiyat alamini totgan Belgiya bilan raqobatlashadi. Bu uchrashuv Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.
«D» guruhida Polsha ikkinchi turda Avstriya bilan to‘qnash keldi va 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa 3 ochkoni qo‘lga kiritgan Avstriya guruhda uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Polsha ikki o‘yindagi mag‘lubiyat natijasiga ko‘ra deyarli musobaqa bilan xayrlashdi.

Shuningdek, guruh favoritlari bo‘lgan Niderlandiya – Fransiya termalari bellashuvida hisob ochilmadi va jamoalar o‘z hisobiga bir ochkodan qo‘shib oldi. Garchi ikki terma jamoada bir xil 4 ochkodan mavjud bo‘lsada, gollar nisbatiga ko‘ra Niderlandiya birinchi pog‘onadan o‘rin oldi.
«Yevro-2024» chempionatining ikkinchi turi bugun yakunlanadi va unda «F» guruhida Gruziya – Chexiya (18:00), Turkiya – Portugaliya (21:00) terma jamoalari bahsi o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA