French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fransiya sobiq prezidenti qamalmoqda
00:23 / 2025-10-17

Parij sudi Fransiyaning sobiq Prezidenti Nikolya Sarkozini Liviya mablag‘i orqali 2007 yilgi saylov kampaniyasini moliyalashtirishda ishtirok etgan, deya ayblagan. Endi u 21 oktyabr kuni Parijdagi qamoqxonaga joylashtiriladi.

Sarkozi Milliy moliyaviy prokuratura (PNF) idorasiga borib, jazoni qayerda va qachon o‘tashiga aniqlik kiritib oldi. Ajrimga ko‘ra, u besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Shundan ikki yili shartsiz.

Sud qarori “darhol ijro etiladi” deya belgilangani sababli, apellyatsiya jarayoni davomida Sarkozi ozodlikda qolish imkoniga ega bo‘lmaydi. Uning himoyachilari qamoqqa olingan ilk kunidanoq ozodlikka chiqish so‘rovini topshirish huquqiga ega bo‘ladi, ammo sud bunga ikki oy ichida javob qaytaradi.

70 yoshli siyosatchi ehtimol Parijdagi Sante turmasining maxsus bo‘limida, yoshi va mashhurligi sababli “himoyalangan” mahbus sifatida saqlanishi kutilyapti.

Sud qarorida Sarkozi passiv korrupsiya, ya’ni Liviya davlati mablag‘ini o‘zlashtirish hamda saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ayblovidan oqlangan. Hakamlar Liviya mablag‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2007 yilgi kampaniyaga yoki uning shaxsiy ehtiyojiga sarflangani haqida aniq dalil yo‘qligini qayd etgan. Faqat sobiq yetakchiga yaqin shaxslar Muammar Qaddafiy rejimiga yaqin manbalardan noqonuniy mablag‘ so‘ragani aniqlangan.

Sarkozi bu qarorni “siyosiy quvg‘in” deb atab, o‘ziga qarshi ayblovni 2011 yil Liviya rahbari Qaddafiyni ag‘darishdagi qo‘llovi bilan bog‘lamoqda.

O‘ng va o‘ta o‘ng siyosiy doiralar hukmni keskin tanqid qilgan. Elabe agentligi so‘roviga ko‘ra, sud qarorini fransuzlarning 61 foizi adolatli, 38 foizi nohaq, deb baholagan.

Musulmon Ziyo, O‘zA