Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fransiya sarmoyasi turizm rivojiga hissa qo‘shadi
20:14 / 2026-02-05

Turizmni jadal rivojlantirish borasida Namangan viloyatida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni shu maqsadda yurtimizga tashrif buyurgan Fransiyaning “Poma” kompaniyasi delegatsiyasi tog‘li va turistik hududlarida kanatli yo‘llar barpo etish taklifini ilgari surdi.

Bu haqida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda “Poma” kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha menejeri Anton Chudayev o‘rtasidagi uchrashuvda atroflicha so‘z yuritildi. Ta’kidlash lozim, “Poma S.A.S.” – fransuz kompaniyasi bo‘lib, kabelli transport tizimlarini loyihalash, ishlab chiqarish, o‘rnatish, ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. 

[gallery-27489]

Bunday tizimlar turistlar, aholi va sanoat uchun ekologik toza, qulay va barqaror transport yechimlari hisoblanadi. Kompaniya jahon miqyosida 90 dan ziyod davlatlarda faoliyat yuritib, hozirgacha 8 mingdan ortiq kabelli transport tizimlarini o‘rnatgan. 

O‘zaro muloqotda Namangan viloyatining tog‘li hududlarida zamonaviy, jahon standartlariga javob beradigan kanatli yo‘llar qurish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi. Jumladan, Pop tumani “Arashan” ko‘li atrofi va unga tutash hududda yirik turizm kompleksi qurish loyihasi, shuningdek, Pop va Yangiqo‘rg‘on tumanlari turizm qishloqlari imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Fransiya kompaniyasi tomonidan mazkur yo‘nalishlarda loyihalar ishlab chiqilib, taqdim etiladigan bo‘ldi. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.