Kun tarixi: 15 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1403 yil (bundan 618 yil oldin) – Fransiya qiroli Karl VI Amir Temurga javob maktubini yo‘lladi. Maktubdan ma’lum bo‘lishicha, Amir Temurning takliflari Fransiya tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingan. Amir Temur bundan oldinroq 1402 yilning yozida Fransiya va Angliyaga maxsus elchilar orqali Karl VI va Genrix IV nomlariga maktublar yo‘llagan edi. Elchilar Parijga 1403 yil may oyida yetib bordilar. Elchilar ikki mamlakatning savdogarlari uchun erkin savdo munosabatlari olib borilishini ta’minlash va agar qirol hamda gersoglar rozi bo‘lsalar, bu erkin savdoni tegishli bitim yoki shartnoma bilan mustahkamlashni taklif etgan edilar.
1905 yil (bundan 116 yil oldin) – fizik olim, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Ubay Oripov tavallud topdi (vafoti 1976 yil). U 1962–1966 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan. Ubay Oripov tomonidan fanda hali noma’lum bo‘lgan hodisalar: qattiq jismga atom zarralari ta’sir etganda ro‘y beruvchi ko‘plab murakkab jarayonlar, ikkilamchi ionlar va elektronlarning har xil guruhlarini topish va ajratish, qattiq jismlar sirtining xossalarini o‘zgartirish usullari aniqlangan va shu asosda elektron texnika, mikroelektronika va mashinasozlik materiallariga ishlov berish usullari yaratilgan.
1916 yil (bundan 105 yil oldin) – Buxoro–Termiz temiryo‘li qurilishi tugallandi. Qurilish ishlari 1914 yilning 16 iyunida boshlangan. Temiryo‘lning umumiy uzunligi 572 verstga teng edi. Temiryo‘l qurilishida 7 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.
1918 yil (bundan 103 yil oldin) – musiqa ixlosmandlarining tashabbusi bilan Turkiston Xalq konservatoriyasi ochildi. Konservatoriyada V.L.Karelin, V.F.Sakovich, N.N.Mironov, Ye.A.Chernyavskiy, V.M.Kox, G.I.Arskiy, V.A.Uspenskiy kabi musiqashunos-pedagoglar dars bera boshladi. Konservatoriyaning birinchi direktori V.L.Karelin bo‘ldi. Konservatoriya bazasida keyinroq musiqa texnikumi tashkil etildi.
2010 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi arxiv ishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA