Fransiya parlamenti Qo‘shma Shtatlar siyosatidan norozilik tufayli o‘lkaning NATOdan chiqishi to‘g‘risidagi rezolyutsiyani tayyorladi, deb xabar bermoqda “TASS” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbus mamlakat Milliy assambleyasi vitse-prezidenti, “Bo‘ysunmas Fransiya” (La France Insoumise) partiyasi deputati Klemans Gyotte tomonidan ilgari surilmoqda.
– Xalqaro huquqni tan olmaydigan davlat boshchiligidagi ittifoq a’zosi maqomini saqlab qolish Fransiya uchun yoqimsiz, yurtimiz barqarorligiga putur yetkazadi va uni milliy manfaatlarga zid bo‘lgan mojarolarga jalb qilish xavfiga duchor qiladi, - dedi u “Berliner Zeitung” nashriga bergan intervyusida.

Gyotening fikricha, NATOdan chiqish o‘lkaga harbiy va diplomatik mustaqillikni tiklash imkonini beradi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu bilan mamlakat yakkalanib qolmaydi, balki ko‘p tomonlama hamkorliklar orqali ekologiya, qurolsizlanish va jamoat manfaatlarini ilgari surishda o‘z ta’sirini kuchaytiradi.
– Respublika prezidenti Emmanuel Makron ham NATOning rivojlanish yo‘nalishiga shubha bildirmoqda va Vashington tahdidlariga qarshi turish uchun Grenlandiyada fransuz qo‘shinlarini joylashtirmoqchi, - deyiladi maqolada.
“Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi muntazam ravishda alyans harakatlarini qoralab, uni tarqatib yuborish tarafdori bo‘lib kelgan va so‘nggi yillarda bir necha bor Fransiyani NATO a’zoligidan voz kechishga chaqirgan.
O‘.Alimov, O‘zA