Bir paytlar gullab-yashnagan Fransiya texnologiyalari siyosiy beqarorlik sabab so‘nggi oylar inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Mamlakatda bir yildan ortiq davom etayotgan hukumat inqirozi va parlamentdagi bo‘linish asnosida startaplar “Fransiya kemasi sekin-asta cho‘kmoqda” deya ogohlantirmoqda.
Bu vaziyat mamlakat uchun keskin burilish, chunki 2025 yil Parij ilk bor Yevropaning eng yirik startap markazi sifatida Londonni ortda qoldirgandi. Prezident Emmanuel Makron ilgari surgan “France-2030” dasturi orqali 54 milliard yevrolik sarmoya yo‘naltirilib, sanoat va innovatsiyani rivojlantirish maqsad qilingan. Bu dastur "Mistral AI, Ledger" kabi yirik texnologiya kompaniyalari shakllanishida muhim rol o‘ynadi.
Dastlabki ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, hozir mamlakatdagi siyosiy beqarorlik startaplar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlanyapti.
– Fransiyaning hozirgi siyosiy inqirozi faqat institutlar darajasida emas, balki iqtisodiy, ma’naviy va strategik jihatdan ham namoyon bo‘lmoqda, – deydi "Sraft AI" kompaniyasi rahbari Xomerik de Sart. – Endi oldinda sardor ham, kemani boshqaradigan jamoa ham yo‘q. Afsuski, biz chiroyli, salohiyatga boy kema palubasida bahslashib, kemaning cho‘kishiga yo‘l beryapmiz.
Siyosiy noaniqlik mamlakatdagi innovatsion jamg‘armalar taqsimotini qiyinlashtirgan. Natijada startaplar xodim yollab, yangi loyihalar boshlashi to‘xtab qolgan.
“France Digital” tashkiloti rahbari Maya Noel shunday dedi:
– Bugungi ishbilarmonlar hamjamiyatiga barqarorlik va ishonch kerak. Aks holda kompaniyalar na ichki, na xalqaro miqyosda o‘sishga jur’at etadi.
2024 yil o‘tkazilgan muddatidan avvalgi saylov parlamentni parokanda qilib tashladi. Shundan buyon hukumatni ketma-ket qisqa muddatli Bosh vazirlar boshqarib kelmoqda. Natijada tashqi sarmoyadorlar investitsiyasi to‘xtatgan, kompaniyalar esa yangi ish o‘rinlari ochishdan voz kechgan.
"Insead" universiteti professori Chengi Lin bu holatni xavfli deb baholadi:
– Tartibga solishdagi murakkablik startaplarni sekinlashtiradi, siyosiy beqarorlik esa loyihalarning butun strategik yo‘nalishini buzadi. Investorlar doimo siyosiy xavfni hisobga oladi. Eng jiddiy xatar – noma’lumlik. Shunga qaramay, texnologiya sohasi vakillari umidsiz emas.
– Bizda inson resursi, iqtisodiy salohiyat va texnologik imkoniyat bor, shu resursni yangidan tiklash, yaratish va tavakkal qilish vaqti keldi, – deydi de Sart. – Faqat shundagina Fransiyani yana harakatga keltira olamiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA