Fransiya janubida 24 may kuni ertalab elektr energiyasi tizimida jiddiy uzilish yuz berdi. Natijada bir necha shahar, jumladan Kann ham ta’sirga uchradi.
Prefektura departamenti xabariga ko‘ra, mintaqaning g‘arbiy qismi eng ko‘p zarar ko‘rgan. Fuqarolar harakat payti ehtiyot bo‘lishga chaqirilgan.
Yuqori kuchlanishli aloqa operatori "RTE" ma’lumotiga ko‘ra, 160 mingga yaqin xonadon toksiz qolgan. Vaziyatni o‘nglashga infratuzilma va elektr tarmog‘iga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mas’ul hisoblangan “Enedis” kompaniyasi ham jalb etilgan. "RTE" va “Enedis” xodimlari avariyani imkon qadar tezroq bartaraf etish uchun bor imkoniyatni ishga solib, yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘radi.

Ommaviy axborot vositalari yozishicha, favqulodda hodisaga uzatish tizimida tirgak yiqilishi sabab bo‘lgan. Bundan tashqari Kann hududida transformator kichik stansiyasida yong‘in chiqib, tarmoqni zaiflashtirgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 10:00 atrofida elektr energiyasi uzilgach, svetoforlar ishlamay qolgan va transport oqimi murakkablashgan.
Uzilish 78-Kann kinofestivali tadbirlariga ham qisman ta’sir qildi. Masalan, “Sirot” filmi namoyishi chog‘i elektr ta’minoti uzilib, tomoshani to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Tashkilotchilar asosiy manzil - "Palais des Festivals" saroyi alohida manbaga o‘tkazilgan. Shu tariqa rejadagi barcha anjumanlar, jumladan yopilish marosimi ham vaqtida o‘tdi.