Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fransiya ham bolalarga ijtimoiy tarmoqni taqiqlashi mumkin
14:00 / 2026-01-27

Fransiya Milliy Assambleyasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni taqiqlash nazarda tutiladigan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu tashabbus Prezident Emmanuel Makron tomonidan ham ma’qullangan.

Quyi palata deputatlari loyihaning asosiy bandlarini muhokama qilib, 116 ovoz bilan qabul qildi. 23 deputat taklifga qarshi chiqqan. Endi hujjat tasdiqlanishi uchun Senatga yuboriladi. Agar mazkur qonun kuchga kirsa, 15 yoshga to‘lmaganlar "Snapchat", "Instagram", "TikTok" kabi tarmoqlarga kira olmaydi.

Ushbu qadam internetning bolalar ruhiy salomatligiga salbiy ta’siri kuchayib borayotgani bilan bog‘liq dalillar ortidan paydo bo‘lgan global tendensiyaga xos. Shunday mazmundagi qonun o‘tgan yil Avstraliyada qabul qilingan edi.

Yangi hujjatga ko‘ra, media maydonni muvofiqlashtiruvchi davlat idorasi bolalar uchun zararli, deb topilgan platformalar ro‘yxatini tuzadi va shu asosda 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoq to‘liq taqiqlanadi. Ziyoni nisbatan kam sahifalarga esa faqat ota-onaning yozma roziligi bilan kirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, qonun loyihasida litseylar, maktablar yuqori sinflarida mobil telefondan foydalanish man qilinishi ham ko‘zda tutilgan. Ayni cheklov allaqachon boshlang‘ich va o‘rta sinflarda amal qilmoqda.

Qonun qabul qilingach, Fransiyada yoshni aniqlash mexanizmi ishlab chiqilishiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Hozir Daniya, Gretsiya, Ispaniya va Irlandiya ham Avstraliya tajribasiga ergashish masalasini ko‘rib chiqyapti. Buyuk Britaniya hukumati esa 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqni taqiqlash bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini boshlagan. Tegishli qonun loyihasi yaqin bir oy ichida Senat tomonidan qabul qilinishi kutilyapti. 

Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA