Fransiyaning mamlakatimizda yaqinda ish boshlagan Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk Samarqand shahridagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, ta’lim jarayonlari bilan tanishdi.
Fransuz tili chuqurlashtirib o‘qitiladigan mazkur maktabda 1,5 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi. Maktabga Fransiyadan ko‘plab mehmonlar, ziyolilar kelib turadi. 2023‑2024 o‘quv yilida ushbu davlatdan kelgan uch nafar fransuz tili o‘qituvchisi o‘quvchilarga saboq bergan, o‘qituvchilarga o‘z tajribasini o‘rgatgan edi. Fransiyaning yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan elchilarining maktabga tashrifi ham keyingi yillarda an’anaga aylandi.

Ualid Fuk ham ushbu an’anaga sodiq qolib, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan dildan suhbatlashdi. Ularning fransuz tilini o‘rganish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.

Elchi janoblari fransuz tilini muvaffaqiyatli o‘zlashtirib, xalqaro darajadagi DELF-DALF sertifikatiga ega bo‘lgan maktabning 4 nafar iqtidorli o‘quvchisiga sertifikatlarni tantanali ravishda topshirdi.

Elchining tashrifi davomida maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining Fransiyada bilim va tajriba oshirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida fikr almashildi.
G‘.Hasanov, O‘zA