Mamlakatimizga tashrif buyurgan Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fransuz fuqarolari masalalari bo‘yicha vazir-delegat Olive Besht boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va Fransiya delegatsiyasi bilan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalari, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusida vazifalar muhokama etildi.
Erkinjon Turdimov Olive Beshtga tashrif hamda Tuluza shahrida Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatish ishlari boshlanganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Samarqandda fransiyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, fransuz investorlari bilan viloyatda tashkil etilgan quyosh elektr stansiyasi, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi. Shuningdek, fransiyalik sayyohlarning Samarqandga tashrifi yil sayin ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Samarqandni Fransiya bilan bog‘laydigan rishtalar qadimiy asosga egaligi qayd etilib, bugun ham bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish imkoniyati mavjudligi bildirildi. Jumladan, viloyatda tashkil qilingan erkin iqtisodiy zonada fransiyalik tadbirkorlar, biznes vakillari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish taklif etildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish uchun Fransiya va Samarqand ishbilarmonlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
O‘z navbatida Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fransuz fuqarolari masalalari bo‘yicha vazir-delegat Olive Besht samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonga safari har jihatdan samarali o‘tayotganligini qayd etdi.
[gallery-11751]
– O‘zbekiston, xususan, Samarqand bilan hamkorligimiz keng miqyosda davom etmoqda, – deydi Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fransuz fuqarolari masalalari bo‘yicha vazir-delegat Olive Besht. – Bugun energetika, chiqindilarni qayta ishlash, ta’lim sohasidagi loyihalar izchil davom etmoqda. O‘zbekistondagi fratsuz tiliga ixtisoslashgan uchta maktabdan biri Samarqandda. Samarqand davlat chet tillar instituti bilan ham keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Turizm sohasidagi ishlar ham havas qilarli darajada. Pandemiyadan oldingi raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bir yilda 20 mingdan ortiq fransiyalik Samarqandga tashrif buyurgan. Demak, hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarur. Tashrifimiz shu maqsadda amalga oshirilmoqda. Viloyat rahbari bilan bo‘lgan muloqotimizda kelgusi rejalarni batafsil muhokama qildik. Ishlar samaradorligi oshirish maqsadida bevosita hamkorlik loyihalari bo‘yicha ishlaydigan har ikki tomonning mas’ullarini belgilashga kelishdik. Ular bevosita doimiy aloqada bo‘lib, loyihalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlashadi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarimizni muhokama qilib, aniq rejalarni belgilab oldik.
Uchrashuvda muqobil energiya tizimini rivojlantirish, yer va suv xo‘jaliklarini rivojlantirishdagi hamkorlik, mehmonxona va restoranlar tizimi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Delegatsiya a’zolari tashrif davomida Samarqand shahridagi Fransiyaning faxriy konsulligi faoliyati bilan tanishdi. Olive Besht boshchiligidagi delegatsiya shaharda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Fransiya alyansi uchun belgilangan binolarni ham ko‘zdan kechirdi. Mehmonlar Samarqand tashrifi davomida shaharning diqqatga sazovor joylariga sayyoh qildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA