Fransiya bosh vaziri Elizabet Born iste’foga chiqdi
Fransiya hukumati manbasiga tayanib, “France24”ning ma’lum qilishicha, Emmanuel Makron Bornning iste’fosini qabul qildi va unga fidoyiligi va qat’iyati uchun minnatdorlik bildirdi.
Born Fransiya Vazirlar Mahkamasini 2022 yilning may oyidan buyon boshqarib kelayotgan edi. U 62 yoshida bu lavozimda xizmat qilgan ikkinchi ayol hisoblanadi.
Bosh vazirning o‘zgarishi pensiya tizimi va immigratsiya qonunlaridagi bahsli islohotlar natijasida yuzaga kelgan siyosiy inqirozlar bilan kechgan voqeadan bir yildan so‘ng sodir bo‘ldi.
Uning o‘rniga potensial nomzodlar sifatida tilga olinganlar orasida 34 yoshli ta’lim vaziri Gabriel Attal va 37 yoshli mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu bor. E’tiborli tomoni, ularning har biri Fransiya tarixidagi eng yosh bosh vazir bo‘lish ehtimoli bor.
Moliya vaziri Bryuno Le Mer va sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Julen Denormandi ham ekspertlar tomonidan muqobil nomzod sifatida tilga olinmoqda.