Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fraksiya rahbari Spiker o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda
17:38 / 2023-09-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida parlament palatalari vakolatlariga oid yangi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi bilan parlament palatalarining faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiqlashtirish maqsadida 13 ta qonun va 1 ta kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

— Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanyapti, — dedi deputat Sherbek Bo‘ronov. — Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qolinmoqda. Senatning ayrim vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanyapti. Xususan, davlat byudjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish, Prezidentning taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish Qonunchilik palatasining vakolatlari sirasiga kiritilmoqda. Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda. Fraksiya rahbari moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra Spiker o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda. Bu muhim o‘zgarish fraksiyalar, deputatlar faoliyatining yanada kuchayishiga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, loyihaga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkaziladi. Senatning yangi tarkibi esa 1 oy mobaynida shakllantiriladi. Deputat va doimiy ishlaydigan senatorlarning o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan bir qatorda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi mustahkamlanmoqda, — dedi ma’ruzachi. 

Qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishlar parlament palatalarining hamda qonun ijodkorligi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga, kuchli parlament tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Shuningdek, yig‘ilishda boshqa qonun loyihalari ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

M.Komilova,O‘zA