Fozilmon ota ziyoratgohi Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylanib borayotgan so‘lim Xonobod shahrining eng obod maskanlardan biri hisoblanadi.
Ziyoratgoh – Andijon viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan eng chekka sharqiy-janubiy hududidagi Xonobod shahrining Fozilmon mahallasida joylashgan qadimiy ziyoratgohdir. Muqaddas maskanning eng muhim va asosiy xosiyati uning insonlar salomatligiga ijobiy ta’sir qiluvchi shifobaxsh bulog‘idir.
Ota-bobolarimiz, keksa avlod vakillarining aytishlaricha, ming bir dardga davo buloqning hayotbaxsh tirik suvlaridan necha asrlar davomida odamlar shifo topib keladi. Ziyoratgohga nafaqat andijonliklar, balki respublikamizning boshqa viloyatlaridan ham odamlar kelib dam oladi. Buloq suvi inson organizmiga tetiklik, quvvat baxsh etadi, ko‘plab xastaliklarga, ayniqsa, ichki va teri kasalliklariga foyda bo‘ladi.
[gallery-7108]
Rivoyatlarga ko‘ra, XIII asrda yashab o‘tgan ulamo Sayid Fozilmon Dehlaviy hazratlari Allohning irodasi ila muqaddas buloq bo‘yini o‘ziga makon qilgan. Insonlarni dinu-diyonatga, haqiqatga, ma’rifatga chorlagan. O‘z karomatlari bilan el orasida avliyo, deya tilga olingan. Vafot etgach, shu joyga dafn qilinadi.
XVI asr oxirida kelgan kuchli sel natijasida Fozilmon ota maqbarasi loyqa suv ostida qoladi. 1805 yilda ulamo, o‘zbek mumtoz adabiyotining vakili shoir Xo‘jamnazar Xolmuhammad o‘g‘li Huvaydoning o‘g‘li Xolmuhammad Eshon ibn Huvaydo tomonidan qabr o‘rni aniqlanib, maqbara qayta tiklangan.
Keyingi yillarda maqbara va ziyoratgoh milliy uslubda ta’mirlanib, obodonlashtirildi. Ziyoratchilarning ko‘ngilli dam olib, hordiq chiqarishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. Har yili, ayniqsa, yoz mavsumida bu yer minglab ziyoratchilar kelib-ketadigan eng gavjum maskanlardan biriga aylanadi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA