Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fozil Farhodning “Bolalik ertagim” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
17:06 / 2025-07-16

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalarining a’zosi, taniqli jurnalist Fozil Farhodning “Qanot” loyihasida chop etilgan “Bolalik ertagim” nomli publitsistik kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, adabiyot muxlislari taklif etildi. 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, mohir publitsist, ustoz jurnalist va tarjimon Amirqul Karim va boshqalar keyingi yillarda yosh ijodkorlarning asarlari tez-tez chop etilayotgani borasidagi ezgu ishlar mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, qalamkashlarni yanada faol ijod qilish sari ruhlantirayotganini ta’kidladi. 

– Fozil Farhod – tinib-tinchimas ijodkor, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam. – Bu kitobda uning ko‘nglini yaqqol ko‘rish mumkin. Unda yurakning tebranishlari, bir insonning tarixi, bir publitsistning tarixini ko‘rasiz. Bobosi, otasi, zamondoshlarimiz haqida yurakdan, juda samimiyat bilan yozilgan. Ijtimoiy mavzulardagi muammoli maqolalar ham kitobda keltirilganki, unda mavzuga juda murosasizlik bilan yondashilgan. 

[gallery-24336]

Taqdimot tadbirida taniqli jurnalist Fozil Farhodning yangi kitobi haqida batafsil so‘z yuritildi. 

“Oltin meros press” nashriyotida chop etilgan mazkur kitobdan muallifning 2011-2025 yillarda “Yangi O‘zbekiston”, “Xalq so‘zi”, “Mohiyat”, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, “Vatanparvar”, “Kelajak ovozi”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ishonch”, “Kitob dunyosi”, “Darakchi”, “Soliq plyus” gazetalarida, “Yoshlik” jurnalida, turli ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan 50ga yaqin eng sara materiali o‘rin olgan. 

Kitobni o‘qirkansiz, muallifning bolalarcha beg‘ubor dili, obrazli o‘xshatishlari, juda katta marra olgan orzulari, hech qachon o‘lmaydigan uyg‘oq xotiralari olamiga kirasiz, ruhiyatingizga ajib ta’sir o‘tkazadi. Ijodkor jamiyat tanasidagi dardga aylangan eng o‘tkir muammolarni ham keskirlik bilan, dona-dona qilib o‘rtaga qo‘yadi, aholini qiynayotgan jiddiy muammolarga yechimlar beradi. 

“Vatan haqida maktub”, “Mening uyim”, “Bolalik ertagim”, “Yig‘indi gaplar”, “Koreya kundaligi”, “O‘zgarishimiz kerak”, “Ijodkorning baxti”, O‘zingizga ishoning, boshqasi bekor”, “Adabiyot – barcha san’atning onasi” kabi maqolalar va suhbatlarni ana shunday ijod namunalari deyish mumkin. 

Fozil Farhod maqolalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi, adabiyot va san’atning shaydosi sifatida so‘nggi yillarda ishlangan eng yorqin filmlarni chuqur tahlil qiladi. Suhbat, intervyu kabi publitsistik janrlardan unumli foydalanadi. 

So‘nggi yillarda qo‘shni va xorij mamlakatlariga, xususan, Koreya, Qirg‘iz Respublikalariga amalga oshirgan bir nechta ijodiy safarlari ta’sirida o‘zbek-koreys, o‘zbek-qirg‘iz xalqlari o‘rtasida rivojlanib borayotgan ko‘p qirrali do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini o‘z ko‘rganlari, adabiy uchrashuvlaridan olgan unutilmas taassurotlari asosida aniq misollar orqali ochib beradi, ellarimiz qalblariga ma’naviy ko‘prik bo‘ladi. 

Tadbir yakunida Fozil Farhod ijodi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etgan 100dan ortiq ishtirokchi orasidan g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. 

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA