Ma’lumki, davlat rahbarining joriy yil 4-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, sohaga tegishli bir qancha vazifalar belgilab berildi.
AOKA da Statistika agentligi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusida statistika ma’lumotlarini xalqaro GSBPM modeli asosida shakllantirilishi yo‘lga qo‘yiladi, rasmiy statistikani tayyorlovchilarning har birida rasmiy statistikada sifat va tarqatish siyosatlari ishlab chiqiladi hamda xalqaro ekspertlarni keng jalb etgan holda milliy statistika tizimini global baholashdan o‘tkazish tashkil etiladi. Shu bilan birga, sohaga autsorsing tizimini joriy etish maqsadida, statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.
Shuningdek, tizimda integratsiya jarayonlari tubdan yaxshilanadi. Jumladan, “Statistika” integrallashgan axborot tizimini 6 ta vazirlik va idoraning axborot tizimidagi ma’lumotlarga hamda “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo axborot platformasiga integratsiya qilish tashkil etiladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilarning Statistika agentligi ma’lumotlaridan qoniqish darajasini aniqlash va oshirib borish maqsadida, agentlik tomonidan “Rasmiy statistika ma’lumotlariga bo‘lgan ishonch indeksi” uslubiyati ishlab chiqiladi hamda 2025-yildan boshlab, har yili foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazilib, natijasi e’lon qilib boriladi.
Qayd etilishicha, rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Statistika agentligining 2024-2025-yillarda erishishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) belgilab qo‘yildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, Statistika ishlari dasturiga muvofiq, o‘tgan 2023-yilda jami 3 ming 302 ta statistika ishi belgilangan muddatda va to‘liq hajmda bajarilgan. Statistika agentligi tomonidan shakllantiriladigan rasmiy statistika ma’lumotlari yo‘nalishida umumiy hisobda 1 ming 439 ta, jumladan makroiqtisodiy ko‘rsatkich va balans 500 ta, iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘rsatkichi 604 ta, ijtimoiy sohaning ko‘rsatkichi 183 ta, korxona va tashkilotlar yagona davlat registri 152 tadan tashkil topgan. 46 ta xalqaro savolnoma bo‘yicha ochiq statistika ma’lumotlarining almashinuvi ta’minlangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA