Termiz shahridagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot maktabida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” respublika tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Milliy gvardiya, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan imzolangan qo‘shma qaror doirasida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
[gallery-4894]
Yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular o‘rtasida ilm-fan, san’at, madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura, dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik kabi sohalarni yanada ommalashtirish, iste’dodli, tashabbuskor, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadiga qaratilgan tanlovda hududlardan kelgan nomzodlar “Adabiyot va publitsistika”, “Tasviriy va amaliy san’at”, “Milliy maqom va milliy estrada” yo‘nalishida o‘z mahoratini namoyish etdi.
Tanlov g‘oliblariga Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Tadbir doirasida yoshlar ijodiga oid amaliy san’at namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA