Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” bog‘i hududida yangi “Yusufxon o‘g‘li Qosimxon” masjidi qurib bitkazildi.
– Yurtingizga dunyoda yagona nusxadagi san’at asarimiz bilan keldik, – deydi Turkiyaning “Teknikel Avize” shirkati rahbari Serkan Ozjelik. – Masjidga maxsus buyurtma asosida uzunligi 17 metr, balandligi 14 metrni tashkil etuvchi qandilni yasab, o‘rnatyapmiz. Qandil yonganida Asmoi Xusana – Allohning 99 ismi, Kalimai tavhid va Bismilloh kalimalari uning nurida aks etadi.
[gallery-1843]
Masjid xonaqohida 4,5 ming nafar namozxon ibodatni ado etishi uchun barcha sharoit muhayyo.
– Bu yerda kattagina kutubxona ham joy olgan bo‘lib, keyinchalik elektron kutubxona tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi, – deydi masjid imom-xatibi Musoxon Abbosiddinov. – Ya’ni, masjidga kirgan namozxon ibodat vaqtiga qadar diniy kitoblarni elektron mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur yangi masjid ishga tushishi bilan Namangan shahrida masjidlar soni 38 taga, viloyatda esa 189 taga yetdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA