O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad al-Ramohiy bilan uchrashib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalasini muhokama qildi.
Tadbirda Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 897 MVt 3 ta foto elektr stansiyasi qurilishining hozirgi holati ko‘rib chiqildi. Mazkur majmualarni tiklash bo‘yicha ishni joriy yil aprel oyida boshlashga kelishildi.

Yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali kompaniyaning mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish istiqboli yuzasidan ham fikr almashildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va shaharlarning barqaror rivojlanishi yo‘nalishiga ixtisoslashgan, 2006 yil tashkil etilgan “Masdar” Abu-Dabi (BAA) hukumatiga tegishli “Mubadala” global investitsiya kompaniyasi tarkibiga kiradi. Kompaniya 30 ga yaqin yirik mamlakatda umumiy qiymati 19.9 milliard dollardan ziyod ulkan strategik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘zA