Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FOTIMA MOHAJIR: Ushbu o‘quv hayot yo‘limizni topish va huquqlarimizni himoya qilishda yordam beradi
18:01 / 2021-06-19

Poytaxtimizda 14-19 iyun kunlari afg‘on ayollari uchun gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yozgi maktab o‘quvi bo‘lib o‘tdi.

Yozgi maktabning yangi moduli doirasida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilarga biznes yuritish tartib-taomillari, bu borada ularning yetakchilik qobiliyatini shakllantirish yuzasidan bilim va ko‘nikmalar berildi.

– Joriy yilning fevral oyida afg‘on ayollari uchun qishki maktab o‘quvini tashkil etgan edik, – dedi BMT Taraqqiyot dasturining mintaqaviy loyihasi koordinatori Ulug‘bek Kamaletdinov. – Ma’lumki, keyingi paytlarda Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magi va BMT TD tomonidan bir qator ta’lim grantlari amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda tashkil etilgan ushbu qishki va yozgi o‘quv ham Afg‘oniston ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, u O‘zbekiston va Qozog‘istonda o‘qitish uchun Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan va BMT TD tomonidan amaliyotga tatbiq etilayotgan loyiha hisoblanadi. Bu galgi mashg‘ulotlarda afg‘onistonlik talabalarning takliflaridan kelib chiqib, ularning biznes yuritish jarayonlari (qishloq xo‘jaligi misollari asosida) sohasidagi bilimlarini kengaytirish va o‘z biznesini boshlashga qaratilgan. Trening talabalarning yetakchilik qobiliyati va yetukligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirda qayd etilganidek, ushbu loyiha afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Maktab o‘quv dasturidan tadbirkorlik va innovatsiya, biznesni yaratish, GYeWYe bilan bog‘liq bo‘lgan notijorat tashkilotlar, ijtimoiy loyihalar va startaplar yaratish, tadqiqotlar metodikasi, o‘z-o‘zini rivojlantirish va mehnat bozorida brendlash masalalari o‘rin olgan. Ishtirokchilar unda o‘zlarining motivatsiyasi va faolligini oshirish uchun turli xil simulyatsiya o‘yinlarida va boshqa turdagi interaktiv tadbirlarda faol qatnashgani o‘quvning amaliy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi.

– Yozgi maktab dasturi juda mazmunli va qiziqarli mavzularni qamrab olgani barobarida malakali trenerlar bilan yaqindan tanishishga sharoit yaratdi, – dedi afg‘onistonlik Fotima Mohajir. – Men uchun yangilik va tadqiqot usullari mavzusi qiziq bo‘ldi. Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega, chunki ayollar har bir jamiyatning deyarli yarmini tashkil qiladi va hali ham ayollar huquqlarini hurmat qilmaydigan mamlakatlar mavjud. Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish ularga kamsitilmaslik va o‘z huquqlarini himoya qilishda yordam beradi. bugungi kunda ayollar Afg‘onistonda biznes va tadbirkorlik sohasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Bunday mashg‘ulotlar o‘z hayot yo‘limizni topish va huquqlarimizni himoya qilishda qo‘l keladi.

Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida Afg‘onistonning yettita viloyatidan kelgan 10 nafar xotin-qiz Toshkent davlat agrar universitetida agronomiya bo‘yicha texnik tayyorgarlik va ta’lim dasturi asosida tahsil olmoqda. “BMT-Ayollar” tuzilmasi BMT TDning ushbu loyihasini amalga oshirish va yozgi maktabni tashkil etishda asosiy hamkordir. Treningning navbatdagi bosqichi AlmaU universiteti (Qozog‘iston) murabbiylarini jalb qilgan holda tashkil etildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA