Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forumda rus tili fanini o‘qitish metodikalari muhokama qilindi
14:20 / 2022-12-03

Namangan davlat universitetida Rossiya biotexnologiya universiteti bilan hamkorlikda “Maktab ta’limi tizimida rus tili: qiyinchiliklar va o‘sish nuqtalari” mavzusida xalqaro forum boshlandi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, xorijiy mamlakatlarda istiqomat qiluvchi hamyurtlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha Federal agentlikning topshirig‘iga muvofiq Rossiya biotexnologiya universiteti tomonidan tashkil etilgan mazkur xalqaro anjumanda rus tilini o‘qitishda o‘zaro tajriba almashish, rus tili o‘qituvchilarining mavqeini yanada oshirish, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni namoyish qilish, amalga tatbiq etishga e’tibor qaratilmoqda.  

Unda mamlakatimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Belarus, Singapur, Avstraliya, Ispaniya va Rossiya davlatlarining yetakchi universitet hamda institutlari olimlari, texnikumlar, kollejlar, shuningdek, rus tilida ta’lim beruvchi maktablar rahbarlari, pedagoglar, uslubiy ish bo‘yicha mutaxassislar qatnashmoqda.

[gallery-9831]

– Universitetimiz dunyoning qirqqa yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi, – deydi Namangan davlat universiteti biotexnologiya fakulteti dekani Shuhratjon Otaxonov. – Shu asosda professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvi, tajriba o‘rganish uchun hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘shma ta’lim sohasida ham Gersen nomidagi Rossiya davlat universiteti, Rossiya Federatsiyasining Ural davlat tibbiyot universiteti, Rossiya biotexnologiya universiteti bilan hamkorlik qilinmoqda. Bu borada uchta qo‘shma ta’lim dasturi doirasida 11 ta ta’lim yo‘nalishi, xususan, davolash ishi, farmatsevtika, stomatologiya, pediatriya, psixologiya: amaliy psixologiya, defektologiya: nutq terapiyasi, ona tili va adabiyoti: rus tili va adabiyoti (o‘zga tilli guruhlarda), informatika va axborot texnologiyalari (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), o‘zga tilli guruhlarda rus tili va adabiyoti, aholi va sayyohlar ovqatlanishini tashkil etish va xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi yo‘nalishlarida 300 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Namangan davlat universiteti hamda Rossiya biotexnologiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, Namanganda ikkita, ya’ni aholi va sayyohlar ovqatlanishini tashkil etish va servis hamda oziq-ovqatlar texnologiyasi (go‘sht va sut mahsulotlari) bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha  “2+2 dasturi” joriy etilib, unda hozirgi kunda 38 nafar talaba o‘qimoqda.  

Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi ta’lim va fan vazirligining 2022 yil 1 noyabrdagi xatiga muvofiq, shu yil 11 noyabr kuni Moskva davlat oziq-ovqat sanoati universiteti prorektori Irina Danilchenko hamda mazkur universitet qoshidagi malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Anastasiya Fedosina Namangan davlat universitetida bo‘lib, tashrif jarayonida ushbu forumni o‘tkazish bo‘yicha takliflarni o‘rgangan edi.  

Forum uch kun davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA