Samarqandda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimidagi xotin-qizlarning II-Respublika forumi o‘tkazildi. Unda vazirlikning barcha hududiy bo‘linmalari hamda tarkibiy tuzilmalarida mehnat qilayotgan 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Ikki kunlik forum davomida qatnashchilar samarqandlik hamkasblari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, bir-birlari bilan o‘zaro tajriba almashgan holda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda qatnashdi. “Fidoyi ayol”, “Eng yaxshi kitobxon xodima” ko‘rik-tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yini va shaxmat musobaqasida o‘z bilim va mahorati, kasbiy ko‘nikmalarini namoyon etdi.
Forum ishtirokchilarini tabriklash va uning doirasidagi tanlovlarda g‘olib bo‘lganlarni taqdirlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z.Mahkamova, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor A.Ikromov va boshqalar yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda respublikamiz ichki ishlar organlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning ham faol ishtirok etayotgani qayd qilindi.
– Ichki ishlar organlari xotin-qizlari tomonidan mahallalardagi 50 mingga yaqin xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilindi, 25 mingdan ortiq oila yarashtirildi, 21 mingga yaqin oilaviy nizolar bartaraf etildi, – dedi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor A.Ikromov. – Xodimalarimizning bu kabi fidoyiliklarini albatta, qadrlaymiz va ularning samarali ishlashlari uchun bundan buyon ham qulay shart-sharoit yaratamiz. Endilikda tizimda xotin-qizlarning xizmatda o‘sishlarini tashkil etish uchun mutlaqo yangi tartib asosida istiqbolli zaxira bazasi shakllantiriladi. May oyidan boshlab, zaxiraga kiritilgan xotin-qizlar malaka oshirish instituti va akademik litseylar bazasida maxsus o‘quv dastur asosida xizmatdan ajralmagan holda o‘qitiladi. Uch yildan ortiq xizmat qilgan oliy ma’lumotga ega safdor va serjantlar tarkibidagi xotin-qizlar ofitserlik lavozimlariga o‘tkazib boriladi. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning IIV Akademiyasi sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga kirishi uchun akademik litseylarimiz bazasida “Abituriyent” intensiv kurslari tashkil etish orqali imtihonlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun sharoit yaratiladi.
[gallery-10743]
Forumda qayd etilishicha, bugungi kunda tizimdagi xotin-qizlar orasida 8 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, xalqaro toifadagi sport ustasi, 23 nafar sport ustasi va 9 nafar sport ustaligiga nomzod, 4 nafar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirda “Fidoyi ayol” ko‘rik-tanlovida Samarqand viloyati IIB vakili, mayor Mohina Yunusova, “Zakovat” intellektual o‘yinida Jizzax viloyati IIB jamoasi, “Eng yaxshi kitobxon xodima” tanlovida Ichki ishlar vazirligi xodimasi, katta serjant Shahnoza Shukurova, shaxmat musobaqasida Namangan viloyati IIB vakili, leytenant Gulhayo Shokarimova g‘oliblikni qo‘lga kiritgani e’tirof etilib, vazirlik tomonidan taqdirlandi.
Shuningdek, boshqa sovrindor va faol ishtirokchilar ham munosib rag‘batlantirildi. Forum doirasida ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy-maishiy komissiya qaroriga muvofiq, 10 nafar ayolga 90 million so‘mdan avtokredit, 7 nafar xodimga ssuda va 3 nafar xodimaga imtiyozli uy-joy berilgani ma’lum qilindi.
Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan 3 nafar xodimning onalariga dam olish maskanlariga yo‘llanmalar berildi. Forum qatnashchilari Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarga sayohat qildi.
G‘.HASANOV, O‘zA