Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida “Ishbilarmon – 2023" biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, tadbirkorlikka jalb etish maqsadida joylarda “Biznes marafon” motivatsion treninglar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida viloyat va G‘allaorol tuman hokimliklari, “Sohibqiron darvozasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda “Yuksalish” liderlar akademiyasi asoschisi Muhammadali Eshonqulov, viloyatdagi 50 nafar muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor hamda tadbirkor bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.
Biznes forumni Jizzax viloyati hokimining savdo-iqtisodiy va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati A.Rahmonqulov ochib berdi. Mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi.
“Yuksalish” liderlar akademiyasi asoschisi Muhammadali Eshonqulov ishbilarmonlarga o‘z tajribasi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish qoidalari, muvaffaqiyatga erishish sirlari, bu yo‘lda har bir tadbirkor boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar hamda ularni qanday yengib o‘tish mumkinligi haqida gapirib berdi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga “Yuksalish” liderlar akademiyasi asoschisidan batafsil javob oldi. Biznes forumda ishtirokchilarga a’lo kayfiyat, ko‘tarinki ruh ulashish maqsadida Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizoni harbiy orkestri jamoasi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Xolboyev, Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati tomonidan e’tirofga sazovor bo‘lgan 12 nafar tadbirkorga “Biznes forum – 2023” sertifikati va esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Ishbilarmon – 2023” biznes forumi barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV, O‘zA