Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forum yoshlar va talabalarga quvonchli va unutilmas damlarni hadya etmoqda
18:39 / 2021-06-29

Toshkent Botanika bog‘ida «Uchinchi Renessans bunyodkorlari» shiori ostida O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumi o‘z ishini boshladi.

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi kabi bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan forum 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni birlashtirdiki, bu ular uchun o‘z iste’dodi va ko‘nikmalarini namoyon etishi, intellektual va ijodiy seksiyalarda qatnashishi, qiziqarli loyihalar yaratish uchun hamfikrlar topish imkoniyatini yaratmoqda.

– Bu yerda O‘zbekistonning eng salohiyatli, qat’iyatli, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan bilimli yoshlari yig‘ilgan, – dedi forum ochilishida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Rosti, bunaqa jamoani ko‘rib judayam ta’sirlandim. Har bir yosh o‘z raqobatchilari bilan muloqot qilish orqali o‘zaro tajriba almashadi, o‘z sohalari haqida ko‘proq ma’lumot oladi. Forum karantin talablari doirasida o‘tkazilayotganini hisobga olib, barchangizdan tibbiy niqob taqishingizni so‘ragan bo‘lardim. Forumda qatnashayotganingizdan mamnunman. Keling, ko‘ring, fikr almashing.

Muhimi, ishtirokchilar uchun ushbu forum har tomonlama foydali bo‘lmoqda. Ayniqsa, «Yashil tashabbus» aksiyasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Respublika yoshlar teatri aktyori Sherzod Bozorov bu haqda o‘z taassurotini bayon qildi.

– O‘zim ham ishtirokchiman. Bu yerdagi turli uchrashuv va tadbirlar menga manzur bo‘lmoqda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi burchagi tashkil etildi. U yerda yoshlarga tabiatni qanday asrash kerakligi va bu bo‘yicha qanday qo‘shimcha ma’lumotlar olish mumkinligi haqida axborotlar jamlangan. Bilamizki, ona tabiat va atrof-muhitni asrab-avaylashga har birimiz mas’ulmiz. “Yashil tashabbus” esa bizga bu borada yaqin ko‘makchidir, – dedi u.

Bu yerda IT-kompaniyalar ochish, startap-loyihalarni ishga tushirishga oid ko‘nikmaga ega bo‘lish, IT-Park vakillari bilan muloqot qilishga qulay sharoit yaratilgan. Ayniqsa, xorijiy tillarni o‘rganuvchilar uchun alohida maydoncha ajratilgan, dizaynerlar, marketologlar, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, Marketing.uz, Design Club Uzbekistan, Modul 5, Biznesga Qadam loyihalari taqdimoti, shuningdek, robototexnika va VR-texnologiyalar bo‘yicha ochiq mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi bosh mutaxassisi Shahlo Temirovaning ta’kidlashicha, yoshlarda chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish muhim masalalardan.

– Forum doirasida tashkil etilgan Ishoqxon Ibrat maydonchasida xorijiy tillarni yoshlar orasida ommalashtirish, ularning xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida turli interfaol o‘yinlar, teatr ko‘rinishlari, bundan tashqari, bir necha xorijiy tillarda gaplashadigan poliglot yoshlarni yig‘ib, ular o‘rtasida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazyapmiz, – dedi u.

Forum doirasida bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Yakunda esa katta gala-konsert uyushtiriladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA