Andijonda “Kichik targ‘ibot – yuksak natija” shiori ostida Farg‘ona vodiysi yoshlari forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari yoshlarining ilg‘or va faol vakillari ishtirok etdi.
Dastlab forum ishtirokchilari Andijon shahridagi “Bog‘i Bobur” madaniyat vqa istirohat bog‘ida bo‘lib, Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrapov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ana shu imkoniyatlar samarasi o‘laroq yurtimiz yoshlari barcha jabhalarda yuqori natijalarga erishayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Bobur Xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrapov forum qatnashchilariga buyuk shoir, sarkarda, yirik davlat arbobi Zahriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, targ‘ib etish, shuningdek, fond tomonidan olib borilgan ekspeditsiyalar, ularning natijalari haqida gapirib berdi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
Forum doirasida mehmonlar “Bobur va jahon adabiyoti muzeyi” ga sayohat qildi, muzey eksponatlari bilan tanishdi.
– Partiyamiz safida shijoatli, tashabbuskor yoshlar juda ko‘p, – deydi O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengash raisi Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyorbek Niyozov. – Yaqin yillar ichida aynan ana shu yoshlarimiz nafaqat partiyaning, balki jamiyatimizdagi yirik loyihalar, targ‘ibot tadbirlarilarini amalga oshirishda yetakchi kuchga aylanadi.
Yoshlar forumi ishtirokchilari Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida bo‘lib, bu yerda AKT sohasida yosh, malakali mutaxassislar tayyorlash, innovatsion loyihalar, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ta’kidlash kerakki, ayni kunda texnoparkka viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 328 nafar mutaxassis jalb etilgan. Bu yerda yoshlar, tadbirkorlar, hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng imkoniyat va zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va o‘quv xonalari, biznes-inkubator, mediamarkaz, kibersport xonalari tashkil etilgan. Kunning ikkinchi yarmida forum ishtirokchilari Andijon shahridagi ”DIRROMM Textil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining trikotaj korxonasida bo‘lib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
– Korxonada yaratilgan sharoitlarga har qancha havas qilsa arziydi, – deydi O‘zLiDeP Namangan viloyati Kengashi faoli, Yoshlar Parlamenti a’zosi Jaxongir Rashidov. – Korxona qisqa vaqt ichida salmoqli natijalarga erishganligi tahsinga loyiq. Eng asosiysi, korxona ishchi-xizmatchilarning 80 foizini yoshlar tashkil qilishi e’tiborga molik.
Forum ishtirokchilarining O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi qoshidagi “Kelajak deputatlari” guruhi a’zolari, yosh ijodkorlar, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan faol yigit-qizlar bilan o‘tkazgan muloqoti samimiy kechdi. Muloqotda O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova forumning maqsadi, ahamiyati, mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, partiyaning yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalari xususida gapirdi.
Forum doirasida o‘tkazilgan tadbirlar yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA