Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forum Toshkent viloyati uchun ham samarali bo‘ldi
16:59 / 2022-03-29

Toshkent shahrida joriy yil 24-26 mart kunlari o‘tkazilgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi strategik tashabbuslarni amalga oshirish va xalqaro biznes hamjamiyatiga O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlarini namoyish etish uchun yangi maydon bo‘ldi.

Forum muhiti, shuningdek, uning boy ishbilarmonlik dasturi diplomatik muloqot, konstruktiv fikr almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qildi. Forum O‘zbekiston xalqaro biznes hamjamiyatida investor uchun eng qulay va jozibador shart-sharoitlarni yaratish, xorijiy sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish bo‘yicha izchil ish olib borish yo‘nalishini belgilab berdi. 

Tadbir doirasida savdo-iqtisodiy, fan-texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-majlisi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, forum ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar davomida faol fikr almashdi. Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.  

Tadbirning amaliy ahamiyatini alohida ta’kidlash joiz, Forum yakunlari bo‘yicha 7,8 milliard dollarlik firma shartnomalari va sarmoyaviy bitimlar to‘plami imzolandi. 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham dastlabki kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Toshkent viloyatida ham bir necha aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati 2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. 

Xususan, arab sarmoyachilari bilan Yangiyo‘l shahrida turar-joy majmuasi va savdo ko‘ngilochar markazi qurilishi uchun 25 million dollar, Xitoy davlati bilan "Angren" EIZda gazbeton mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 17 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, latviyaliklar tomonidan 15 million dollar pul mablag‘lari yo‘naltirilishi hisobiga Bo‘stonliq tumanida dam olish majmuasini qurish, turk investorlari bilan 13 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini Ohangaron tumanida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda Qatar davlati ishbilarmonlari tomonidan 2 milliardlik yirik loyihani amalga oshirish uchun bir qator bitimlar imzolandi. AQSH bilan 20 million dollardan ziyod miqdordagi  eksport shartnomalarini amalga oshirishga kelishib olindi.  


Najmiddinxo‘ja Sharipov,  
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i. 

O‘zA