Yilning eng muhim va uzoq kutilgan investitsiya voqeasi bo‘lgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kuni boshlandi.
Bugun tadbirning asosiy va muhim panel sessiyalari, davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mahalliy va xorijiy eksportlar ayni vaqtda “Toshkentning xalqaro moliya markazi sifatidagi salohiyati: imkoniyatlar va ustuvor vazifalar”, mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, “Suv resurslarini kompleks boshqarish: qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” “Biznes uchun odil sudlov: bugun va kelajak” “Elektron tijorat: yangi istiqbol va imkoniyatlar”, “Katta shaharlardagi qulayliklar: urbanizatsiya va shaharsozlikka sarmoya kiritish” mavzularidagi panel munozaralari bo‘lib o‘tmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, forumning ilk kuni samarali bitim va shartnomalarga boy bo‘ldi. Jumladan, kecha “Hyper Partners” kompaniyasining “Accor” brendi bilan O‘zbekistonda 5ta mehmonxona va Tashkent City Mall hududida 5 yulduzli lyuks toifasidagi mehmonxona ochilishi haqidagi doiraviy bitim imzolandi.
“Agrobank” ATB hamda Germaniyaning "Commerzbank AG" o‘rtasida qiymati 20 million AQSH dollariga teng Savdoni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va Koreyaning “Sejin G&E So., LTD.” kompaniyasi o‘rtasida qiymati 55 million AQSH dollariga teng Maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan bitim imzolandi.
Qolaversa, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Xitoyning «China Gezhouba Group Overseas Investment Co., Ltd." kompaniyasi o‘rtasida qiymati 500 million AQSH dollariga teng Buxoro viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi. Turkiyaning "Cengiz Enerji San. ve Tic A.Ş." kompaniyasi o‘rtasida qiymati 300 million AQSH dollariga teng Jizzax viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi.
- Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O‘zbekiston bilan ishlashni juda xohlaymiz, - deydi Buyuk Britaniyaning “AKS Services Group” kompaniyasi direktori Vais Qais( Wais Qais).
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasidan so‘ng bu yerga kelganlarning aksariyatida mamlakatingiz bilan hamkorlik qilish istagi paydo bo‘lishiga ishonaman. Qayd etish kerak, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng tez rivojlanayotgan davlat. Ammo infrastruktura bo‘yicha biroz ortda qolmoqda. Shu jihatdan bu forumga kelgan sarmoyadorlar uchun mamlakatingiz qiziq. Turli xil loyihalarga sarmoya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.
O‘zbekistonda yosh kadrlar, mintaqa uchun muhim bo‘lgan bozor borligi sarmoyadorlar uchun muhim. Shu jihatdan bugungi forum mamlakatingiz kelajagi, rivojlanishi uchun juda foydali bo‘ladi. Mamlakatingiz bilan hamkorlikda ishlashni bundan besh yil oldin boshlaganmiz.
O‘zbekiston giloslarini Yevropa bozorlariga chiqarganmiz. Savdo sotiq sohalarida yaxshi aloqa o‘rnatganmiz. Biz eksport qilgan giloslar orqali Yevropa mamlakatlarida O‘zbekiston mevalariga qiziqish ortgan. Bugun O‘zbekiston banklari bilan kelishib oldik va ularni xususiylashtirishga yordam bermoqchimiz. Bundan tashqari, bank sohasini rivojlantirishga qaratilgan mahorat darslari o‘tishni kelishib oldik.
Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA