Forum qizg‘in davom etmoqda
Mamlakatimiz tibbiyot muassasalari zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Mahalliylashtirish dasturi samarasida bu jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ham faol ishtirok etmoqda.
“O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tayotgan X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, O‘zbekiston qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli metallar kombinati, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati, Navoiy va Xorazm viloyatlari korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.Yarmarkada O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuzdan ortiq korxona 272 turdagi dori vositalari, 256 turdagi tibbiy texnika va texnologiya, buyum va jihozlarni namoyish etmoqda.
Mamlakatimiz tibbiyot muassasalari zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Mahalliylashtirish dasturi samarasida bu jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ham faol ishtirok etmoqda.
Poytaxtimizdagi “Magnum medikal servis” korxonasida fizioterapiya va jarrohlik sohasida ishlatiladigan apparatlar, zamonaviy bakteritsid lampalar, laboratoriya jihozlari ishlab chiqarilayotir. Korxona rahbari Otabek Jiyanboyevning aytishicha, 2007 yilda korxona o‘n turdagi mahsulot bilan faoliyat boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda yuzdan ortiq tibbiy asbob-uskuna ishlab chiqarilmoqda.
Yengil sanoat mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Korxonalarning quvvatlari texnik va texnologik jihatdan yangilanmoqda, jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi izchil oshmoqda. Bugungi kunda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi to‘rt yuzga yaqin korxona tashqi bozorga tayyor to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini eksport qilmoqda. Yarmarkada soha korxonalari tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari, jumladan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan yangi turdagi tovarlar – melanj ip, aralash tolali ip, aralash gazlamalar, bambuk tolali kalavali ip va polotno, to‘qimachilik dastgohlari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni namoyish etmoqda.
Navoiylik tadbirkor Nafisa Sodiqova rahbarlik qilayotgan kichik korxona yurtimizda ishlab chiqarilgan tabiiy matolardan ko‘rpa-to‘shak, yostiq va ularning jildlari, choyshablar, sochiq, kattalar va bolalar uchun trikotajlar, ish kiyimlari tikib, turli korxona va tashkilotlarga yetkazib bermoqda.
– O‘tgan yilgi yarmarkada ta’lim maskanlari, shifoxonalar va ijtimoiy muassasalarga bir yuz ellik million so‘mlikdan ziyod mahsulot yetkazib berdik, – deydi Nafisa Sodiqova. – Bu galgi yarmarkada ham mahsulotlarimizni keng namoyish etib, iste’molchilarning talab va istaklarini chuqurroq o‘rganishga harakat qilmoqdamiz. Shu bilan birga, ikki yuz million so‘mlik shartnomalar imzoladik. Biz kabi tadbirkorlar uchun sanoat yarmarkasi katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.