French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forum O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi
00:53 / 2022-03-26

Aleksandr Averbux, “ASHRA” (Isroil) eksport-kredit agentligi marketing bo‘yicha direktori:

— Avvalo, Toshkent Xalqaro investitsiya forumining yuqori tashkiliy darajasini qayd etishni istardim. Bu mening O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim emas. O‘tgan yillar davomida mamlakat qay darajada o‘zgarganiga guvoh bo‘lib turibman. Shuningdek, bu yerda juda ko‘p taniqli ekspertlarni ko‘rishga muyassar bo‘ldim.

Yurtingizga kelgan xorijlik ishtirokchilar bilan suhbatlashgach, O‘zbekiston bugun nafaqat Markaziy Osiyoda, balki barcha mintaqalarda katta qiziqish uyg‘otayotganiga ishonch hosil qildim.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik qizg‘in bahsga sabab bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi jadal rivojlanmoqda. Respublikada iqtisodiyotning ushbu yo‘nalishini yuksaltirish jarayoniga juda ko‘p mutaxassislar jalb qilingan.

Isroilda aholining, atigi, 3 foizi shu sohada mehnat qiladi. Men isroillik mutaxassislarning qishloq xo‘jaligini optimallashtirishda ishtirok etishi orqali sheriklikni rivojlantirish mumkinligiga ishonaman.

Kompaniyamizning vazifasi o‘rta va uzoq muddatli eksport kreditlarini sug‘urtalash orqali Isroil eksportini qo‘llab-quvvatlash. Demak, Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekiston - Isroil hamkorligida yaxshi samara beradi, deb umid qilaman.

Kristof Fonten, “Roxalex” (Fransiya) kompaniyasi prezidenti:

— Turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar orasida ekanligimdan mamnunligimni yashira olmayman. Mazkur tadbir Navro‘z bayrami, ya’ni tabiatning uyg‘onish davrida o‘tayotanida ham ramziy ma’no bor. Aminmanki, anjuman Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar izchil ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Xalqaro investitsiya forumi, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mintaqasi yuragida joylashgan O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ko‘plab xorijiy investorlar, jumladan, Yevropa mamlakatlari ishbilarmonlari O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida. Bu, albatta, mamlakat oxirgi 5 yilda erishgan muvaffaqiyatlar hosilasidir.

Ishonchim qomil, anjuman O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi rivojiga sezilarli turtki beradi.

Muhammadrizo Abesh Ahmadlu, “Iran News Daily” gazetasi bosh muharriri:

— Bu mening go‘zal O‘zbekistonga to‘rtinchi tashrifim. Umuman, tadbir ajoyib tarzda tashkil qilingan. Eng e’tiborli jihati, muhokama panellarida nafaqat moliya-bank sohasi vakillari, balki rasmiy shaxslar ham bevosita ishtirok etdi. Anjuman O‘zbekistonda xususiy sektorni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Aminmanki, bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, munozaralar yaqin kelajakda o‘z natijasini beradi. Albatta, Eron tomonidan ham forumga kuchli qiziqish bildirildi, ommaviy axborot vositalarimiz Toshkentdagi voqealarni keng yoritib bordi. Juda ko‘p davlatlardan kelgan jurnalistlar forumni o‘z ona tillarida yoritishdi. Shu bilan birga rus va ingliz tillari ham faol qo‘llandi. Bu forum to‘g‘risidagi ma’lumotlar keng tarqalishiga ko‘maklashadi.

Behruz Xudoyberdiyev, Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA