Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forum mamlakatimiz tibbiyoti uchun samarali bo‘ladi
17:17 / 2023-04-28

Jarrohlik sohasida zamonaviy texnologiyalar

Samarqandda Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA)ning “Ipak  yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzuidagi I bahorgi kongressi o‘tkazilmoqda.  

Xalqaro anjuman doirasida 27 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida “Laporoskopik mahoratlar va egiluvchan endoskopiya” mavzusida seminar, amaliy mashg‘ulotlar va mahorat saboqlari o‘tkazildi. Yuqori malakali xirurglar tomonidan murakkab jarrohlik amaliyotlari ko‘rgazmali tarzda bajarildi.  

28 aprel kuni esa Samarqand xalqaro turistik markazida xalqaro kongressning ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA) vakillari so‘zga chiqib, Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro forum mamlakatimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi o‘laroq aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va darajasini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.  

–  Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyatining so‘nggi kongressi o‘tgan yil Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan edi, – deydi ELSA bosh kotibi Davide Lomanto. – Keyingi yig‘inimiz shu yilning oktyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Lekin o‘zbekistonlik hamkasblarimizning taklifi bilan, qolaversa, keyingi yillarda ushbu mamlakatda sog‘liq saqlash tizimida kuzatilgan juda katta o‘zgarish va yangiliklar sababli ilk bor jamiyatning bahorgi kongressini O‘zbekistonda tashkil etdik. Kecha Samarqand shahridagi ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida jamiyatimiz a’zolari, xorijdan kelgan yuqori malakali mutaxassislar tomonidan mahalliy shifokorlar bilan birgalikda minimal invaziv usulda uchta laporaskopik operatsiya o‘tkazildi. Bu jarrohlik amaliyotlarining barchasi muvaffaqiyatli o‘tdi va bu kongress ishtirokchilari uchun mahorat sabog‘i bo‘ldi. Bugun yana shunday operatsiyalarni ko‘rgazmali tarzda o‘tkazmoqchimiz. Bugun dunyo tibbiyotida kaminvaziv usulda operatsiya qilish keng ommalashmoqda va bu tibbiyotning kelajagi hisoblanadi. O‘zbekistonda ham mazkur soha rivojlanib borayotgani quvonarli.  

Kongress faxriy prezidenti, samarqandlik mashhur jarroh, professor Azamat Shamsiyevning ta’kidlashicha, yurtimizda ilk bor Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyatining kongressi o‘tkazilishi mamlakatimiz tibbiyoti uchun tarixiy ahamiyatga ega.  

– Samarqandlik jarrohlar 2016 yilda mazkur jamiyatga a’zo bo‘lganmiz va uning faoliyatida faol ishtirok etib kelyapmiz, – deydi Azamat Shamsiyev. – Har yilgi kongresslarda qatnashib, minimal invaziv xirurgiya bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik va o‘zimizda joriy qildik. Jamiyat bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda yurtimizda endoskopik va laporoskopik jarrohlikni keng qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish maqsadida ELSAning navbatdan tashqari bahorgi anjumanini yurtimizda, Samarqandda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdik. Ikki kundan buyon Osiyoning tibbiyoti rivojlangan davlatlaridan kelgan mutaxassislar yurtimiz va Markaziy Osiyo xirurglariga zamonaviy texnologiyalar asosida jarrohlik amaliyotlarini bajarish bo‘yicha tajribalarini o‘rgatmoqda, amaliy mashg‘ulotlar, operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Quvonarlisi, so‘nggi avlod texnologiyalari asosida amalga oshirilayotgan laporaskopik, endoskopik operatsiyalarda o‘zimizning vrachlarimiz ham ishtirok etib, bilim va malakasini oshirmoqda. Shuning uchun aytish mumkinki, mazkur forum biz uchun, yurtimiz tibbiyoti uchun juda katta samara beradi.  

Kongressga Malaziya, Singapur, Yaponiya, Fillipin, Janubiy Koreya, Pokiston, BAA, Hindiston, Qatar, Oman, Turkiya singari 40 dan ortiq davlatdan yuqori malakali xirurglar, ELSA a’zolari, shuningdek, 400 nafardan ortiq o‘zbekistonlik va qo‘shni davlatlardan kelgan shifokor jarrohlar, soha vakillari ishtirok etmoqda.  

Kongressning sessiyalarida oshqozon ichak traktining yuqori qismi xirurgiyasi, egiluvchan endoskopiya, gepatobiliar xirurgiya, kolorektal xirurgiya, korin devori xirurgiyasi, videoassistenlik torakal xirurgiya, minimal invaziv bolalar xirurgiyasi, bariatrik xirurgiya, robot xirurgiya yutuqlarining ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha taniqli olim  va professorlar ma’ruzasi bilan ishtirok  etmoqda.  

– Bizda mini invaziv xirurgiya yaxshi rivojlangan va bu ayni chog‘da zamonaviy xirurgiyaning asosini tashkil etadi, – deydi fillipinlik Allen Buyenafe. – ELSAning bu kabi kongresslari esa bu borada xorijlik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish, so‘nggi avlod texnologiyalari bilan tanishish uchun qulay imkoniyat. Biz samarqandlik hamkasblarimizning laporaskopik xirurgiya bo‘yicha olib borayotgan ishlaridan yaxshi xabardormiz va tez-tez fikr almashib turamiz. Kecha bolalar xirurgiyasi klinikasida hamkorlikda jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Ushbu yo‘nalishda kelgusida ham birgalikda ishlaymiz.  

[gallery-11620]

Anjumanda mamlakatimizda endoskopik laporoskopiya sohasida erishilgan  yutuqlar bo‘yicha ham ma’ruzalar tinglandi. Samarqand ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazida zamonaviy usulda o‘tkazilayotgan operatsiya jarayoni onlayn kuzatilib, interfaol usulda muhokama qilindi.  

Kongress davom etmoqda.  

G‘olib HASANOV, O‘zA