Forum ishtirokchilari istiqbolli korxonalar bilan tanishdi
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro investitsiyaviy forum ishtirokchilari 4-noyabr kuni Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bo‘lib, investitsiya kiritish taklif etilayotgan korxonalar faoliyati bilan tanishdi, mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit, iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro investitsiyaviy forum ishtirokchilari 4-noyabr kuni Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bo‘lib, investitsiya kiritish taklif etilayotgan korxonalar faoliyati bilan tanishdi, mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit, iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil rivojlanib bormoqda. Iqtisodiyotda davlat ishtiroki kamayib, xususiy sektor salmog‘i oshmoqda. Rivojlangan davlatlar, nufuzli moliya muassasalari mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 90 dan ortiq davlatning xorijiy investorlari ishtirokida tashkil etilgan 4 mingdan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Prezidentimizning 2015-yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shu yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar xorijiy investitsiyalarni jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish, xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga yanada keng yo‘l ochdi.
Bu islohotlar samarasi Farg‘ona viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Viloyatdagi 150 dan ortiq korxonaga xorijiy investitsiyalar jalb etilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish maqsadida 38 million 584 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yo‘naltirilgan, viloyatdagi korxonalar 182 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulot eksport qilgan.
Forum ishtirokchilari “Farg‘onaazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi mazkur yirik korxona o‘z mahsulotlarini o‘nlab mamlakatlarga eksport qilmoqda.
Korxonada qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya bilan hamkorlikda ishlab chiqarishni avtomatik boshqaruvchi yagona agregat tizimi ishga tushirilgan bo‘lsa, chexiyalik hamkorlar bilan ammiakli selitra va suyuq azot ishlab chiqarish sexi qurildi. Shu bilan birga, mebel yelimi, iste’mol sodasi, polietilen qoplar kabi xalq iste’moli tovarlari ham ishlab chiqarilmoqda.
– Zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilayotgan jahon andozalari darajasidagi mahsulotlar yurtingizning iqtisodiy salohiyati yuqori ekanidan dalolatdir, – deydi “Key Pee Exports” kompaniyasi ijrochi direktori Choudxuari Singx (Hindiston). – Farg‘ona safarida bunga yana bir karra ishonch hosil qildik. Korxonamiz eksport-import bilan shug‘ullanadi. Joriy yilda «Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati Hindistonga besh ming tonna mahsulot eksport qildi. Biz forum doirasida O‘zbekistondan yangi mahsulotlar sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolash niyatidamiz.
Quvasoy shahridagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyati qurilish sanoati tarmoqlariga, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomashinalar, avtobus va traktorlarga yuqori sifatli oyna hamda shisha mahsulotlari yetkazib beradi. Olib borilgan keng ko‘lamli modernizatsiya ishlaridan so‘ng ishlab chiqarish hajmi ortib, mahsulot turi 150 taga yetdi. Ayni paytda korxonada ikki mingdan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda.
– Korxonaning metallni qayta ishlash sexida shisha idishlar uchun turli ko‘rinishdagi qoliplar bizda qiziqish uyg‘otdi, – deydi Germaniya rivojlanish bankining mintaqaviy direktori Tomas Edgar Lemonn. – O‘zbekiston iqtisodiyoti investitsiya kiritish uchun juda istiqbolli. Bu boradagi imtiyozlar bilan yaqindan tanishdik. Prezident Islom Karimovning aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq xorijiy mutaxassislarning korxonalarda boshqaruv xodimi sifatida faoliyat yuritib, olgan foydasidan daromad solig‘i, to‘lov manbaidan olinadigan daromad solig‘i, pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy sug‘urta badallaridan ozod etilgani bizga ma’qul keldi.
“Farg‘ona yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati ham viloyatda salohiyatli korxonalardan biri. Bu yerda o‘simlik yog‘idan tortib, mayonez, sovun, chorva uchun shrot, sheluxa kabi turli mahsulotlar tayyorlanmoqda. Kelgusida 10 million 850 ming dollar miqdorida investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda.
– Farg‘ona viloyati hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik, – deydi Janubiy Koreyaning KCC kompaniyasi bosh menejeri Kim Ju Xyun. – Tadbirkorlar bilan suhbatlashganimizda, ular joriy yilda g‘alla va paxta, meva-sabzavot va boshqa ekinlardan mo‘l hosil yetishtirilgani, shu bois bozorlarda to‘kinlik, arzonchilik ekanini aytishdi. Bunga har qanday odamning havasi keladi. Bu Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonni izchil taraqqiy ettirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralaridir. Bunday mamlakatga investitsiya kiritish shart va zarur, deb o‘ylayman. Shu bois biz “Kvars” aksiyadorlik jamiyati bilan shartnoma tuzish borasida muzokara olib bormoqdamiz.
“Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida neft-gaz sanoati uchun ishlab chiqarilayotgan ellikdan ortiq turdagi uskunalar va ehtiyot qismlar xorijlik mehmonlar e’tiborini tortdi. Italiya, AQSh va Germaniyada ishlab chiqarilgan texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada ishlab chiqarish hajmi 1999-yilga nisbatan qariyb 40 barobarga oshgan.
Xorazm viloyatida joriy yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 337 milliard so‘mlik 1 ming 258 loyiha amalga oshirildi. Mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi, sohaga tijorat banklari tomonidan 390,2 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Urganch shahridagi “Urganch yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati, “Urganch ekskavator” aksiyadorlik jamiyati va uning qoshidagi “UzXCMG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘lib, oziq-ovqat sanoati va mashinasozlik sohalarida erishilayotgan yutuqlar bilan tanishdi.
“Urganch yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatida mingdan ziyod ishchi mehnat qiladi. Korxonada turli yog‘-moy mahsulotlari, shirinliklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida bu yerda 8 ming 667 tonnadan ortiq yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarildi, 630 tonna xo‘jalik sovuni eksport qilindi.
– Forum ishtirokchilari uchun uyushtirilgan biznes-uchrashuvlar, qator korxonalar faoliyati bilan tanishuv mamlakatingiz iqtisodiy salohiyati haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lish imkonini bermoqda, – deydi Ispaniyaning “Flores Valles” kompaniyasi mintaqaviy menejeri Villiam Muzi. – Mamlakatingizdagi iqtisodiy erkinlik va qulay investitsiya muhiti xorijliklarning qiziqishini oshirmoqda. O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan turli sohalarda ishlatiladigan laboratoriya texnikasi, xususan, oziq-ovqat sanoati sohasida foydalaniladigan jihoz va texnologiyalarni ishlab chiqarish va bunday mahsulotlarni yetkazib berish borasida yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish niyatidamiz.
Chet el investorlarining mamlakatimizga sarmoya kiritishga qiziqishi oshmoqda. Buni mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalaridagi qator sarmoyaviy loyihalarda faol ishtirok etayotgan xorij kompaniyalari misolida ham ko‘rish mumkin. “Urganch ekskavator” aksiyadorlik jamiyati qoshidagi “UzXCMG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ana shunday muassasalardan.
Prezidentimizning 2012-yil 22-noyabrdagi “2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil qilingan mazkur korxonada gidravlik ekskavatorlar va boshqa turdagi qurilish uskunalari ishlab chiqariladi, texnikalarga xizmat ko‘rsatiladi.
Xitoyning “Xuzhou Construction Machinery Group” korporatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “UzXCMG” qo‘shma korxonasi tomonidan joriy yilda 135 ekskavator va 62 buldozer ishlab chiqarildi.
– O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ko‘payib, sifati oshib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim, – deydi AQShning “CitiBank” banki vakili Jeson Zullo. – O‘zbekistonda mavjud iqtisodiy va siyosiy barqarorlik, tinchlik va osoyishtalik xorijliklar havasini tortmoqda. “Urganch ekskavator” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va yo‘l-qurilish texnikasi, metall konstruksiyalar, “UzXCMG” qo‘shma korxonasining ekskavator va buldozerlari yuksak sifati va raqobatbardoshligi bilan bizda katta taassurot qoldirdi. Ushbu forumga ko‘plab mamlakatlardan, nufuzli xalqaro tashkilotlar va kompaniyalardan vakillar kelgani ularning O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, mavjud hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash niyatida ekanidan dalolatdir. Biz ham mamlakatingiz bilan iqtisodiyotning turli sohalarida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.
– O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda, – deydi Turkiyaning “Citigroup” kompaniyasi vitse-prezidenti Ilhan Merkon. – Kompaniyamiz O‘zbekistonning qator banklari bilan bir necha yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zaro hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Mehmonlar viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, Xiva shahrining qadimiy yodgorliklarini qiziqish bilan tomosha qildi.