Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida viloyat hokimligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tuman istirohat bog‘ida tashkil etilgan tantanali marosimda xorijlik mehmonlar, usta-kulollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev, viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov, tuman hokimi Subhonjon Soliyev barchani xalqaro tadbirning ochilishi bilan tabriklab, keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan yurtimizda hunarmandchilikka qaratilayotgan e’tibor, tadbirkorlik va kichik biznes uchun yaratilayotgan qulay sharoit xususida so‘z yuritdi. Mazkur forum ham ana shu e’tibor va rag‘bat namunasi ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng “Kulollar sayli” ga start berildi. Azim chinorlar ostiga o‘rnatilgan pavilonlarda respublikamizning turli hududlari kulolchilik maktablarining ko‘rgazmalari va savdosi tashkil etildi. Ko‘rgazma tarkibidan o‘rin olgan xilma-xil hunarmandchilik buyumlari: sopol va chinni buyumlar, bejirim idish-tovoqlar, o‘yinchog‘u qo‘g‘irchoqlar, dekorativ ashyolar barchani o‘ziga maftun etmay qolmadi.
– Rishtonga kelib, bu yerdagi kulollar birdamligiga, ularga yaratilgan sharoitni ko‘rib mamnun bo‘ldim, – deydi qoraqalpog‘istonlik hunarmand Salamat Allambergenov. – Har bir hunarmandning o‘z uslubi, yo‘nalishi bor. Ular yaratgan buyumlar ko‘zni quvnatadi. O‘zimiz yasagan idishlar, suvenirlarni olib kelganmiz, ko‘pchilik qiziqyapti. Qoraqalpoq ustalarining faoliyati ma’lum muddat so‘nib qolgan edi. Sekin-asta bu sohani rivojlantiryapmiz. Xorijlik mehmonlar, san’atshunos olimlarning ushbu forum haqidagi fikrlari e’tiborga molik.
[gallery-11855]
– Yurtingizdagi hunarmandlarga havas qildik, – deydi rossiyalik mehmon Yekaterina Yermakova. – Hukumat darajasidagi e’tibor, ishlab chiqarish va eksport borasidagi imtiyozlar natijasida kulolchilik jadal rivojlanish bosqichida ekan. Yana har bir viloyat va hududga xos uslub va yo‘nalishlar ilmiy o‘rganish, tadqiq qilish uchun arziydi. O‘zbekiston, xususan, Farg‘onaga birinchi bor kelishim, odamlar yuzidagi nur, samimiyat meni maftun etdi. Umid qilamanki, ushbu forum faoliyati bardavom bo‘ladi.
Buxoro davlat universiteti professori, san’atshunos olim Orifjon Qodirov forum doirasida bo‘lib o‘tadigan “Rishton kulolchiligi: kecha, bugun, ertaga” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etadi.
– Milliy hunarmandchiligimiz shunday serqirraki, har bir uslub, naqsh yoki shakl o‘z tarixi, mazmuniga ega. Xalq amaliy san’ati namunalarini tadqiq qilish, tarixdan meros bo‘lib kelayotgan yo‘nalishlarni boyitish orqali kelgusi avlodlarga yetkazish muhim sanaladi. Bu borada rishtonlik usta hunarmandlarning bilim, mahorat va tajribasi ilmiy izlanishlar uchun qo‘l keladi. Bundan tashqari, bu an’ana va hunarlarni jahonga tanitish, mamlakatimizga turistik oqimni yanada kengaytirish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jadal eksport qilishga ko‘maklashish kabi vazifalar ham mazkur xalqaro tadbirning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi, – deydi Orifjon Qodirov.
Ma’lumot uchun, forum dasturidan ilmiy-amaliy konferensiya, “Xalqaro kulollar markazi” faoliyati bilan tanishish, “An’anaviy Rishton kulolchiligi” kitobi taqdimoti, yosh kulollar o‘rtasida “Mahorat darslari” kabi muhim tadbirlar ham o‘rin olgan.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA