Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forum hamkorlik aloqalari mustahkamlanishiga xizmat qiladi
10:51 / 2021-11-03

Mamlakatimiz hayotida yangi O‘zbekiston tamoyilining joriy etilishi boshqa sohalar kabi jismoniy tarbiya va sport tizimida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida yangi ufqlar ochilishiga omil bo‘lmoqda.

Poytaxtimizda o‘tgan MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya Milliy olimpiya qo‘mitalari rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forumning tashkil etilishi dunyoda olimpiya tuzilmasining taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.

Tadbirda mintaqa olimpiya qo‘mitalari mutasaddilarining ma’ruzalari tinglandi. Jumladan, Qirg‘iziston MOQning birinchi vitse-prezidenti Kanat Amankulovning “Ko‘chmanchilar o‘yinlari”, “Osiyo bolalari” o‘yinlari xalqaro qo‘mitasi vitse-prezidenti Marat Bariyevning mazkur tashkilot faoliyati, Rossiya MOQ Bosh kotibi Vladimir Sengleyevning “Rossiya Federatsiyasi sport jamoat birlashmalari faoliyatida pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, Litva MOQ prezidenti Dayna Gudzinevichutening “Yevropa Olimpiya qo‘mitasi faoliyatidagi yangi yondashuvlar” kabi mavzulardagi chiqishlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Bundan tashqari, Ukraina, Latviya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston MOQ vakillari ham mintaqada jismoniy tarbiya va sportni, olimpiya g‘oyalarini hamjihatlikda rivojlantirish borasida qiziqarli taqdimotlarni namoyish qilishdi. Qatnashchilar mavzular bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirib, mintaqa olimpiya qo‘mitalari o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish lozimligini ta’kidlashdi. Toshkent forumi shu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lganligi, muhim ahamiyat kasb etayotganligi bot-bot takrorlandi.

MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forumning tashkiliy yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan sport federatsiya va assotsiatsiyalarning mutasaddilari ishtirok etishdi.

Forumda xorijiy mamlakatlarning olimpiya qo‘mitalari mutasaddilari O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurishdi. Mehmonlar uchun mamlakatimiz sport hayotiga bag‘ishlangan kichik ekskursiya tashkil etildi. Kichik tur davomida forum ishtirokchilari yurtimiz olimpiyachilarining yutuqlari va Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Shundan so‘ng, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan munozaralarning amaliy yakuni sifatida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Belarus, Ozarbayjon, Litva va Tatariston olimpiya kengashi bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bugun forum ishtirokchilari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrining boy tarixi bilan yaqindan tanishadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA