Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Forum doirasida 60 ga yaqin kelishuv va shartnomalar imzolandi
16:16 / 2025-05-29

Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston-Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari I forumining ikkinchi ish kuni ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik kelishuv va shartnomalar imzolash tadbiri bilan boshlandi.

– Forumning birinchi ish kuni juda mazmunli o‘tdi, - deydi Ozarbayjon Respublikasining Mingchevir davlat universiteti xalqaro hamkorlik ofisi koordinatori Samra Ahmedova. – Bugun ham forum hamkorlik bo‘yicha shartnomalar tuzish bilan ishchanlik ruhida boshlandi. Bizning universitetimiz ham O‘zbekistonning qator oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish, o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish bo‘yicha shartnoma tuzildi. 

– Bizning universitetimiz ham Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi, - deydi Ozarbayjon tillar universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Jola G‘aribova. – O‘qitishga ilg‘or tajribalarni joriy etish, xorijiy tillar bo‘yicha malakali pedagog mutaxassislar tayyorlash, talaba va o‘qituvchilarning tajriba almashishi singari qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilamiz. Ishonchim komilki, ushbu hamkorlik har ikki tomon uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.  

Tadbir davomida Buxoro davlat universiteti Boku oliy neft maktabi, Samarqand davlat universiteti Mingchevir davlat universiteti bilan, umuman, ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ko‘plab hamkorlik shartnomalari imzolandi.

– Universitetimiz Ozarbayjon davlat texnika universiteti, Texnologiya universiteti, Boku davlat universiteti singari qator oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi, – deydi Andijon davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Ilyosbek Hasanov. – Albatta, ushbu shartnomalar doirasida amalga oshiriladigan ishlar ta’lim sifatini oshirishga, ilmiy aloqalarni mustahkamlashga, ilg‘or tajribalarni o‘rganishga yaqindan yordam beradi. 

Tadbir davomida ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 60 ga yaqin hamkorlik kelishuv va shartnomalari tuzildi. 

Shundan so‘ng forum o‘z ishini sessiyalar doirasida davom ettirdi. 

Birinchi sessiyada Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madaminjon Madazimovning “Andijon davlat tibbiyot instituti va Ozarbayjon Respublikasi tibbiyot muassasalari va markazlari o‘rtasidagi hamkorlik”, Ozarbayjon davlat texnika universiteti rektori Vilayat Valiyevning “Qo‘shma ilmiy nashrlar va tadqiqot loyihalarini amalga oshirish”, ikkinchi sessiyada Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadovning “Madaniy aloqalardan xalqaro e’tirofga: turkiy dunyoda strategik akademik hamkorlik orqali ta’lim eksportini rivojlantirish”, Sumgayit davlat universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Aminaga Sadigovning “Markaziy Osiyo va Kavkazda iqlimga chidamli ta’lim va tadqiqotlar” singari qator mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. 

Sessiyalarda ma’ruzalar, shuningdek, hamkorlik doirasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan savol-javoblar bo‘ldi, taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

[gallery-23649]

Shuningdek,  forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Idris Isayev ishtirokida muzokara bo‘lib o‘tdi. Muzokarada hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, loyihalarni muvofiqlashtirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish va boshqa qator masalalar atroflicha muhokama qilindi. 

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari