Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fors-major holatlarini tasdiqlash nodavlat notijorat tashkilotga berildi
11:46 / 2022-02-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun imzolandi.

Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berildi.

"Fors-major" nima? Bu fransuzcha "force majeure" – "oliy kuch" degan ma’noni anglatadi. 

Yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlari, bu – tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari (zilzila, ko‘chki, bo‘ron, qurg‘oqchilik va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (urush holati, qamal, davlat manfaatlarini ko‘zlab import va eksportni taqiqlash va boshqalar) sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga ko‘ra, "Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib bo‘lmaydigan kuch, ya’ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon bo‘lmaganligini isbotlay olmasa, javobgar bo‘ladi".

Fors-major holatlari oqibatida shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun imkoniyat bo‘lmaganda, shartnoma tomoni bunday holatlari tasdig‘ini olish uchun vakolatli organlarga murojaat qilishi mumkin. 

Fors-major holatlarini qaysi organlar tasdiqlashi mumkin?

Mamlakatimizda hozirgi kunda yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (fors-major)ni tasdiqlab, sertifikat berish vakolatiga amaldagi qonun osti normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra quyidagilar ega: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi.

Shuningdek, tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (fors-major)ni tasdiqlash bo‘yicha komissiya tomonidan xulosa beriladi.

Bunday vakolat mazkur organlar zimmasiga quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan yuklatilgan: 

birinchi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 maydagi 390-son qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi to‘g‘risida"gi nizomda vazirlikning tashqi savdo kelishuvlari va xalqaro bitimlar shartlari asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir bo‘lgan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash funksiyasi belgilangan;

ikkinchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 sentyabrdagi "Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-6314 son farmoni bilan Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berilgan;

uchinchi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 sentyabrdagi 383-son Qarori bilan tasdiqlangan "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 86-bandiga ko‘ra, "Kelishmovchiliklar va nizoli masalalar kelib chiqqan taqdirda tomonlar qoidaga ko‘ra, mustaqil ravishda yoki tuman (shahar)lar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (fors-major)ni tasdiqlash bo‘yicha komissiya ishtirokida ularni sudgacha hal etish chora-tadbirlarini ko‘radilar".

Yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (fors-major)ni tasdiqlash bo‘yicha komissiya nizoni ko‘rib chiqishda ishtirok etish paytida vakolatli davlat organlarining ma’lumotlari va axboroti asosida mahsulotning sifati pasaytirilishi yoki buzilishi hollari, shuningdek, yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (fors-major) oqibatida yoxud tayyorlovchining aybi bilan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganligi uchun xo‘jaliklarni javobgarlikdan ozod qilish yuzasidan xulosa berishlari mumkin. Fors-major holatlarini aniqlashda shartnoma taraflari qatnashishi kerak.

Fors-major holatlarini tasdiqlash vakolati aynan qonun bilan savdo-sanoat palatasiga berilishining zarurati nimada edi?

Birinchidan, mamlakatimiz hududida bajarilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash masalasi qonunda belgilanmaganligi tadbirkorlik sub’ektlari uchun amaliyotda qator muammolar vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlashni so‘rab Savdo-sanoat palatasiga murojaat qilgan, ammo Palataga qonun bilan bunday vakolat berilmagani bois, fors-major holatlarini tasdiqlovchi sertifikatlar berilmagan va tegishli idoralar yoki tadbirkorlik sub’ektlariga faqatgina xat chiqarish bilan cheklanilgan, xolos.

Uchinchidan, o‘z navbatida, tadbirkorlar pandemiya bois joriy qilingan cheklov (fors-major) holatlariga qaramay shartnoma shartlarini bajarishga majbur bo‘lgan yoki majburiyatlarini bajarmaganligi uchun javobgarlikka tortilmoqda;

To‘rtinchidan, hozirgi kunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlashning aniq tartibi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 63-son Qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan, ammo Savdo-sanoat palatasi tomonidan bunday sertifikatlarni berish tartibi mavjud emas.

Beshinchidan, xorijiy davlatlar tajribasida, xususan, Italiya, Rossiya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya kabi mamlakatlarda fors-major holatini tasdiqlovchi hujjat (sertifikat) Savdo-sanoat palatasi tomonidan beriladi.

Mazkur qonunni qabul qilish jarayoni qanday kechdi?

Qonun ijodkorligi murakkab jarayon bo‘lib,u qonun loyihasini tayyorlash va Qonunchilik palatasiga kiritish, loyihani Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilib olish, birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘qishda muhokama qilib, qabul qilish, Senat tomonidan ma’qullash, Prezident tomonidan imzolash va qonunni e’lon qilishni o‘z ichiga oladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu qonun loyihasi parlamentda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Xususan, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti tomonidan kiritilgan dastlabki loyihada "O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida"gi qonun (yangi tahriri)ning 21-moddasi, ya’ni Palataning huquqlari belgilangan birinchi qismini quyidagi mazmundagi o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirish nazarda tutilgan edi:

mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash”. 

Keyinchalik qonun loyihasining ushbu xatboshisiga Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi va fraksiyalar tomonidan muhokama qilish jarayonida o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilib, quyidagicha bayon etildi: 

xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash, tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida boshlangan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash bundan mustasno”. 

Biroq mazkur tahrir ham Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qish jarayonida deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi va bu vakolat Palataning huquqi sifatida emas, balki funksiyasi bo‘lishi lozim, degan fikr bildirildi hamda qo‘mitaga qaytarildi. 

Shundan keyin mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasi ilmiy xulosa olish maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutiga yuborildi. Institutning ilmiy xulosasida quyidagilar qayd qilindi: 

birinchidan, kiritilayotgan mazkur qo‘shimcha va o‘zgartish "O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida"gi qonun (yangi tahriri)ning 21-moddasida, ya’ni Palataning huquqlari sifatida aks ettirilmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-6314-son Farmoni bilan "Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati” berilgan;

ikkinchidan, “huquq” va “vakolat” tushunchalari o‘rtasida muayyan farqlar mavjud bo‘lib, ular aynan bir xil ma’noni anglatmaydi. Bunda huquq unga egalik qiluvchi shaxsning xohish irodasiga bog‘liq bo‘lsa, vakolat esa unga egalik qiluvchi shaxs tomonidan amalga oshirish majburiyatini yuklaydi

Soddaroq qilib aytganda, "fors-major holatlarini tasdiqlash" Savdo-sanoat palatasining huquqi sifatida qonunda belgilanishi uning idoraviy manfaatlaridan kelib chiqqan holda harakat yoki harakatsizlik qilishda erkinligini anglatadi;

uchinchidan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya qonunchiligi tahlil qilinganda, fors-major holatlarini tasdiqlash funksiya sifatida mustahkamlanganligi aniqlandi. 

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Institut tomonidan ham "fors-major holatlarini tasdiqlash" Savdo-sanoat palatasining huquqi emas, balki funksiyasi bo‘lishi lozim, degan tavsiya berildi. 

E’tiborli jihati,deputatlar bildirgan taklif va mulohazalar bilan bir qatorda Institutning ushbu konseptual taklifi qonun ijodkorlari tomonidan inobatga olinib, qonunda mazkur vakolat Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish sohasidagi funksiyasi sifatida belgilandi.

Savdo-sanoat palatasi tomonidan fors-major holatlarini tasdiqlash funksiyasini amalga oshirishning ahamiyati qanday?

Mamlakatimiz hududida xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari tasdiqlanishining qonun darajasida belgilab qo‘yilishi bu boradagi mavjud huquqiy bo‘shliqni to‘ldirib, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Bunday funksiyaning nodavlat notijorat tashkilot bo‘lgan Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanganligi "2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi" 29-maqsadida nazarda tutilgan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorga keng yo‘l ochish hamda iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etishni kengaytirish vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur yangi qoidalarning amaliyotga joriy etilishi xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash orqali tadbirkorlik sub’ektlarining majburiyatlarni bajarmaganligi uchun asossiz ravishda javobgarlikka tortilishini oldini olishga zamin yaratadi.


 

Foziljon OTAXONOV,

OliyMajlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va

parlament tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor