English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fors ko‘rfazidagi inqiroz global yoqilg‘i ta’minotiga qanday ta’sir qiladi?
14:03 / 2026-03-03

AQSH va Isroilning Eronga uyushtirgan raketa hujumlari va Eronning javob amaliyotlari dunyoning neft va gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘rtdan bir qismini ta’minlayotgan Fors ko‘rfazi mintaqasida sodir bo‘lmoqda. Tehron asosiy zarbani Isroil va Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharq mamlakatlaridagi harbiy bazalariga qaratmoqda. Natijada mintaqadagi neft va gaz infratuzilmalari ham jiddiy ziyon ko‘rmoqda.

Ziddiyat avval kutilganidek, Hormuz bo‘g‘ozining yopilishiga olib keldi. Ekspertlar fikricha, bularning barchasi dunyo yoqilg‘i bozorida qiyin davrlar boshlanayotganiga ishora qilmoqda. Masalan, kuni kecha “Bloomberg” nashri “Brent”markali neftning narxi 13 foiz ko‘tarilib, bir barrel uchun 82 dollarga yetgani haqida xabar tarqatdi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, bu Rossiya - Ukraina nizosi boshlangandan beri, ya’ni to‘rt yil ichidagi eng yuqori o‘sish. Hisob-kitobga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashuv to‘xtasa, narx 100 dollardan ham oshib ketishi mumkin.

Dastlabki xavotirli xabarlar dunyodagi eng ko‘p neft sotuvchisi hisoblangan Saudiya Arabistonidan bildirildi. Aytilishicha, mamlakatning neft infratuzilmasiga Eron muvofiqlashtirilgan hujum uyushtirgan. Saudiya Arabistoni hukumatiga yaqin manba ushbu hujum Eronning qirollik neft infratuzilmasiga uyushtirilgani, bu Ar-Riyodning harbiy javobini keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlagan.

Qiziq jihati, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari “Biz Saudiya Arabistoni neft konlarining bombardimon qilinishi uchun hech qanday javobgarlikni o‘z zimmamizga olmaymiz va bu haqda Qirollikdagi birodarlarimizga xabar berdik”, deb bayonot berdi. 

Yana bir xabar Eronning Xuzistondagi neft quvuriga hujum uyushtirilgani haqida bo‘ldi. Biroq bu xabarni Tehron rad etdi, deb xabar tarqatdi “ISNA” rasmiy ma’lumotlarga tayanib. Ta’kidlanishicha, viloyatdagi barcha neft quvurlari bir me’yorda va uzilishlarsiz ishlamoqda. Avvalroq, “Iran International” o‘lkaning Ahvaz shahridagi neft quvurida portlash va katta yong‘in sodir bo‘lganini xabar qilgan edi.

“Reuters” yozishicha, Amerikaning “Chevron” kompaniyasi Yaqin Sharqdagi keskinlashuv fonida Isroil hukumatidan “Leviafan” konida gaz qazib olishni to‘xtatish to‘g‘risida buyruq oldi. Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqarishni to‘xtatish to‘g‘risidagi buyruq Isroil Energetika vazirligidan kelgan. 

E’tiborli jihati, “Marine Traffic” kemalarni kuzatish xizmatining juda ko‘p xom neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi tankerlar, jami 150 kema Hormuz bo‘g‘ozi tashqarisidagi Fors ko‘rfazi ochiq suvida turib qolayotgani haqidagi xabari ham olovga moy sepganday yoqilg‘i bozoriga ta’sir qilishi mumkin. 

Ta’kidlash joizki, Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini O‘mon ko‘rfazi hamda Arab dengizi bilan bog‘laydigan neft va gaz uchun asosiy yuk tashish yo‘li hisoblanadi. Dunyo neftining taxminan 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotining 30 foizgacha qismi shu yo‘lak orqali o‘tishi hisobga olinadigan bo‘lsa, Ko‘rfaz yopilishi neft-gaz ta’minotiga qay darajada ta’sir qilishini tasavvur qilish qiyin emas. Buning ilk belgilari allaqachon ko‘rina boshlaganga o‘xshaydi. Masalan, “Bloomberg” Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni qayta boshlashi mumkin, deb yozdi.

Yana bir ma’lumot: kuni kecha Qatarning “Qatar Energy” kompaniyasi ham Ras Laffan va Mesaiddagi ishlab chiqarish ob’ektlariga Eron hujumlari tufayli suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ishlab chiqarishni to‘xtatganini e’lon qildi.

Bu qaror kutilganidek global gaz bozorida, ayniqsa, Yevropada zangori olovning narxi 45 foizga oshib ketishiga olib keldi. Qatar Qo‘shma Shtatlardan keyin dunyoda ikkinchi yirik STG yetkazib beruvchi bo‘lib, mojaro Yaqin Sharqdan ta’minotning uzilishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. 

Narxlarning keskin o‘zgarishi tufayli Yevropada, xususan Germaniyaning yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ahvol yomonlashdi. Avtomobillar yoqilg‘i quyish uchun uzundan-uzun navbatda turishga to‘g‘ri kelmoqda.

– Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar allaqachon oshdi. Yirik kompaniyalar narxga yana “2-3 foiz” qo‘shishlarini e’lon qilishdi. Juma kuni “Super E10”ning bir litri 1,78 yevro, dushanba kuni esa 1,83 yevroga sotildi, - deb yozdi “BILD” nashri.

AQSH va Isroilning Eron bilan ziddiyati bir ikki hafta emas, balki uzoqroqqa cho‘ziladigan ko‘rinadi. Xususan, Islom Respublikasi Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Ali Larijoniy G‘arb ommaviy axborot vositalarining Tehron Vashington bilan muzokaralar olib borishni taklif qilgani haqidagi xabarlarini rad etdi. Larijani “Qo‘shma Shtatlardan farqli o‘laroq, Eron uzoq davom etadigan urushga tayyor”, dedi.

Saidmurod Rahimov, O‘zA sharhlovchisi