Jizzax viloyati Forish tumanining eng chekka va uzoq Darboza mahallasida yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshladi.
Qishloqda bolalar bog‘chasining ochilishi aytarli katta yangilik bo‘lmasligi mumkin, ammo, gap shundaki, ushbu qishloq Forish tumani markazidan 270 kilometr, viloyat markazi – Jizzax shahridan salkam 350 kilometr olislikda joylashgan.
Mamlakatimizda maktabgacha yoshdagi bolalarni MTTlarga qamrab olish allaqachon hukumat darajasidagi siyosatga aylangan. Prezidentimizning joriy yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Forish tumanida ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik.

Ushbu davlat dasturiga ko‘ra 2025 yilda O‘zbekistonda 6 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga, 3 - 5 yoshli bolalarning qamrovini 76 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Aynan shu sabab tadbirkor Zokir Suyunov tashabbus ko‘rsatib, o‘z mablag‘i hisobidan Darbozada xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti ochishga kirishdi. Bu ishda unga turmush o‘rtog‘i, mahalla xotin-qizlar faoli Nargiza Suyunova kamarbasta bo‘ldi.

Mahalladagi tashlandiq bino kapital ta’mirlanib, jihozlandi. Atrofiga 100 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekilib, mo‘’jazgina bog‘ yaratildi.
Oshpaz va enagalar qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida o‘qitilib, malakalarini oshirib keldi. Eng muhimi, kun bo‘yi uyda bekor o‘tirgan darbozalik xotin-qizlarning 5 - 6 nafari ishli ham bo‘lib oldi.

Viloyatning eng olis va eng chekka qishlog‘ida davlat standartlari talablari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etish aytishga oson. Shu sabab mahalla ahli ham tadbirkorning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Qariyb yil boshidan buyon qilingan sa’y-harakatlardan so‘ng mahallada yangi bolalar bog‘chasi ochilib, yosh ota-onalarning tashvishlariga yechim topildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari